Toshkent–Andijon va Toshkent–Termiz yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakati rejalashtirilmoqda
2026-yil 10-iyun kuni Koreya Respublikasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bosh muhandisi Qodirov Sharofiddin, O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Anvar Dushayev hamda Hyundai Rotem kompaniyasi prezidenti Lee Yong Bae o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning joriy holati va istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun ishlab chiqarilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdni yetkazib berish loyihasining belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan ma’lumot almashildi.
Shuningdek, “Toshkent–Andijon” va “Toshkent–Termiz” yo‘nalishlarida yuqori tezlikdagi poyezdlar harakatini tashkil etish maqsadida 8 ta zamonaviy yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni yetkazib berish loyihasi yuzasidan texnik shartlarni yakuniy kelishish bo‘yicha batafsil muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirish hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI