Iqtidorli temiryo‘lchi yoshlar ragʻbatlantirildi
2026-yilning 25-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Markaziy apparatining katta majlislar zalida 30 iyun — Yoshlar kuniga bag‘ishlangan “Temiryo‘lchi yoshlar forumi” doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Temiryo‘linfratuzilma” AJ boshqaruvi raisi S.Norqabilov ishtirok etib, tizimda faoliyat yuritayotgan 12 535 nafar bilimli, tashabbuskor va shijoatli yoshlarga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Z.Narzullayevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Boshqaruv raisi tabrigida temiryo‘lchi yoshlar soha kelajagi va transformatsiya jarayonlarining bosh harakatlantiruvchi kuchi ekanligi alohida ta’kidlandi va tarmoqda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida erishilgan muhim ko‘rsatkichlar ochiqlandi:
340 nafar yoshga moddiy yordam ko‘rsatildi, 41 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh xodimning reyestri shakllantirildi. 5400 nafar yoshlar esa bevosita “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlariga jalb etildi.
Ta’limga sarmoya: 105 nafar chet el nufuzli oliygohlarida tahsil olayotgan yoshlarning shartnoma to‘lovlari to‘liq qoplab berildi. Maxsus sirtqi ta’limda 453 nafar, dual ta’lim shaklida esa 569 nafar yosh tahsil olmoqda. 120 nafar xodim malaka oshirish kurslarida o‘qitildi.
2026-yil 28-fevral kuni o‘tkazilgan “Innovasion g‘oyalar” tanlovida yoshlar tomonidan taqdim etilgan 27 ta loyihadan 11 tasi g‘olib deb topilib, amaliyotga joriy etildi va sohaga yuqori iqtisodiy samara keltirmoqda.
Taqdirlash marosimidan so‘ng, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Yoshlar yetakchilari Kengashi raisi A.Umaraliyev boshchiligida uchrashuvning “Ochiq muloqot” qismi boshlandi. Yosh temiryo‘lchilar o‘zlarining yangi loyihalari, raqamlashtirish bo‘yicha takliflari va tizimli muammolari yuzasidan bevosita S.Norqabilovga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qildilar. U yoshlarning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, bildirilgan takliflarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha mas’ullarga shu joyning o‘zida topshiriqlar berdi.
Forumning eng hayajonli va tantanali qismida soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faollarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi:
1. “Istiqbolli yosh mutaxassis” tanlovi g‘oliblari — o‘z kasbining haqiqiy ustasi ekanligini isbotlagan va sohada yangi fikrlaydigan kadrlar zaxirasini shakllantirayotgan yoshlar tantanali taqdirlandilar.
2. “Eng yaxshi yoshlar yetakchisi” tanlovi g‘olibi — yil davomida tengdoshlarini yagona maqsad atrofida birlashtira olgan, tashkilotchilik mahorati bilan ajralib turgan eng faol Kengash raisi alohida e’tirof etilib, maxsus mukofot bilan taqdirlandi.
3. Shuningdek, sohada jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan 30 nafarga yaqin yoshlar yetakchilari va faol yoshlarga faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
Forum doirasida yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish maqsadida go‘zal bir ma’rifiy tashabbusga qo‘l urildi. Tarmoq yoshlarining kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish maqsadida, Yoshlar yetakchilari kengashi tomonidan tizimning Markaziy kutubxonasi fondi uchun 100 ta sara badiiy va ilmiy-ommabop kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
Bo‘lib o‘tgan forum temir yo‘l sohasini raqamli kelajakka boshlab boruvchi yangi avlod rahbar kadrlarini kashf etishda muhim tarixiy qadam bo‘ldi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI