Kitobxonlik muhitini shakllantirish yo‘lida

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “Zukko kitobxon – 2026” tanlovining II-chorak bosqichi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 9-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida temir yo‘l ilmiy-texnik kutubxonasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbir yuqori saviyada o‘tkazilib, tizim ishchi-xodimlari o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish va ularning kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Jamiyatning barcha departament, boshqarma va markazlari ishchi-xodimlari faol ishtirok etgan tadbirni Ishlarni boshqarish direksiyasi rahbari Akbar Rahmonov ochib berdi. U o‘z so‘zida temiryo‘lchilarni ilmiy va badiiy asarlarni muntazam o‘qishga hamda mutolaani kundalik ehtiyojga aylantirishga chaqirdi.  
   
– Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash, yoshlar va keng jamoatchilikning intellektual salohiyatini oshirish, ma’naviy muhitni mustahkamlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir, – dedi A.Rahmonov. – Bu ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlashda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Kitob insonga ilm beradi, tafakkurini charxlaydi, dunyoqarashini kengaytiradi va ma’naviyatini yuksaltiradi. Mutolaa qilish orqali xodim nafaqat kasbiy mahoratini, balki hayotiy tajribasini, tahlil qilish va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatini ham boyitadi.

O‘tkazilgan mazkur tadbirda ham aynan shunday ezgu maqsadlar ijrosini ta’minlash ko‘zda tutildi. Darhaqiqat, temir yo‘l sohasi yuksak mas’uliyat, qat’iy intizom va mustahkam bilim talab qiladigan tizimdir. Shu bois tarmoqda mehnat qilayotgan har bir xodimning kasbiy mahoratini oshirishi va dunyoqarashini kengaytirishida kitob eng yaqin hamroh hamda ishonchli ustoz bo‘lib xizmat qiladi.

Tanlovning ushbu bosqichida 5 nafar soha xodimi o‘zaro bellashib, badiiy asar tahlili, sahna ko‘rinishi, erkin mavzu va savol-javob shartlari bo‘yicha g‘oliblik uchun bahslashishdi. Tajribali hakamlar hay’ati esa ishtirokchilarning har bir chiqishini diqqat bilan kuzatib, xolisona baholab bordi. Qizg‘in kechgan  bellashuvlar sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va bilimlar almashinuvi ruhida o‘tib, har bir qatnashchi o‘z intellektual salohiyatini munosib namoyon eta oldi.       

Hakamlar hay’atining yakuniy xulosasiga ko‘ra, tanlov natijalari quyidagicha: faxrli birinchi o‘rinni Ishlarni boshqarish direksiyasining xo‘jalik xizmati xodimi, chilangar-santexnik Nurali Usmonov qo‘lga kiritdi. Ilmu ma’rifat bahsida ozodalik xizmati xodimasi Shohista A’zamova ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, ushbu xizmatning yana bir vakili Matluba Sharafutdinova uchinchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, mutolaaga bo‘lgan qiziqishi va faolligi uchun hudud obodonchiligiga mas’ul bog‘bon Gʻulom Sherbo‘tayev to‘rtinchi o‘rin, hudud ozodaligiga mas’ul xizmat xodimi Doston O‘tkirov esa beshinchi o‘rin bilan e’tirof etildi.

Quvonarlisi, mazkur bellashuvda g‘olib yoki mag‘lub bo‘lmadi – tanlovda qatnashgan 5 nafar xodimning bilimi yuqori baholanib, ularga tashkilotchilar tomonidan pul mukofotlari, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad faqatgina g‘oliblarni aniqlash emas, balki jamoada kitobxonlik muhitini yanada mustahkamlash, xodimlarda mutolaaga mehr uyg‘otish hamda bilimli, keng fikrlaydigan va ma’naviy yetuk mutaxassislarni rag‘batlantirishdir. Bu kabi ma’rifiy tadbirlar ahil jamoani umumiy maqsadlar yo‘lida birlashtirishga, korxonadagi ma’naviy muhitni boyitishga va xodimlarni yangi zafarlar sari undashga xizmat qiladi.

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI