“Chuqursoy” stansiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur o’tkazildi
Joriy yilning 23-iyul kuni “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzel” filialiga qarashli “Chuqursoy” stansiyasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etildi. Unda sohada joriy etilgan ilg‘or raqamli texnologiyalar namoyish etildi. Xususan, tadbirda “Aqlli temir yo‘l tarozisi” va “Vagon Vision” kabi zamonaviy sun’iy intellekt tizimlari haqida batafsil ma'lumot berildi.
“Aqlli temir yo‘l tarozisi” — temir yo‘l transportida yuklarni tortish jarayonini to‘liq avtomatlashtirib, har bir vagonning belgilangan me’yordan ortiq yuklanishining oldini oladi. Ushbu tizim ma'lumotlarni sun’iy intellekt yordamida tahlil qilib, yagona elektron bazaga jamlaydi. Natijada temir yo‘l izlari va infratuzilmasi ortiqcha yuklamalardan saqlanib, vagonlarning xizmat muddati uzayadi va harakat xavfsizligi yanada mustahkamlanadi. Bu esa tadbirkorlar uchun yuklarning o‘z manziliga xavfsiz yetib borishini ta'minlaydi.
“Vagon Vision” esa stansiyalardan
harakatlanib o‘tayotgan poyezd va vagonlarni maxsus kompyuter ko‘ruvi texnologiyalari yordamida real vaqt rejimida avtomatik ravishda aniqlaydigan va hisobga oladigan zamonaviy tizimdir. Mazkur jarayonda inson omili sezilarli darajada kamayib, ma’lumotlarning aniqligi va shaffofligi oshadi. Natijada vagonlarni qayd etish tezlashib, ortiqcha kutish vaqtlari qisqaradi va logistika jarayonlari yanada optimallashadi.
Mazkur innovatsion yechimlar "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatini zamonaviy raqamli platformaga aylantirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda mamlakatimiz transport-logistika tizimining raqobatbardoshligini yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI