Jamiyatda raqamlashtirish jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan muhim loyihalar muhokama qilindi
2026-yil 7-avgust kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ binosida Jamiyatda raqamlashtirish jarayonlarini yanada rivojlantirish, zamonaviy axborot tizimlarini joriy etish hamda mavjud raqamli yechimlardan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish Raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish departamenti tomonidan tashkil etilib, unda tegishli tarkibiy bo‘linmalar va tashkilotlar mas’ullari, shuningdek, komissiya a’zolari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Boshqaruv raisining 2026-yil 31-martdagi 180-N-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida Yagona namunaviy arizalar asosida taqdim etilgan bir qator raqamli loyihalar ko‘rib chiqildi va muhokama qilindi.
Xususan, “Vagon talabnomalarini boshqarish” axborot tizimi, “O‘zbekiston temir yo‘llari me’yoriy hujjatlari” axborot tizimi hamda “Qualification Assessment Center” elektron platformasining maqsadi, funksional imkoniyatlari, amaliy ahamiyati va Jamiyat faoliyatiga joriy etish istiqbollari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Mutaxassislar tomonidan loyihalarning amaliy samaradorligi, mavjud jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlari, ma’lumotlar bilan ishlashni takomillashtirish, boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarini tezlashtirish hamda inson omilini kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida taqdim etilgan axborot tizimlari va elektron platformalarni yanada takomillashtirish, ularni amaliyotga joriy etishdan oldin texnik va funksional jihatlarini chuqur o‘rganish hamda belgilangan tartibda tegishli xulosalar tayyorlash bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.
Bunday loyihalarning izchil amalga oshirilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyatida raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, ish jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini oshirish hamda zamonaviy boshqaruv tizimlarini shakllantirishga xizmat qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI