HAQIQAT EGILADI, BUKILADI, LEKIN SINMAYDI

 “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati yuridik departamenti katta yuridik maslahatchisi, “Faxriy temiryo‘lchi” belgisi sohibi Farhod Yusupov temir yo‘ldagi 23 yillik mehnat faoliyati davomida o‘zining mehnatsevarligi, kamtarligi va xushmuomalaligi hamda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi sifatida jamoada alohida hurmate’tiborga sazovor.

U 1961-yil Xorazm viloyati, Xonqa tumanida tug‘ilgan. Otasi moliyachi-taftishchi, onasi uy bekasi, Farhod aka esa oiladagi 6 nafar farzandning to‘ng‘ichi. Uning aytishicha, rahmatli otasi farzandlarini ilmli, bilimli bo‘lishlariga katta ahamiyat bergan. Mehnat qilish va uning qadriga yetish kerakligini, shu orqali esa insonlar bilan ham muomalaga kirishib keta olishini ko‘p bora ta’kidlardi. Shu sababli Farhod aka maktabning 7-sinfida o‘qib yurgan kezlaridan boshlab har yili yozgi uch oylik ta’til vaqtlarida otasining gapi bilan Xonqa tumanidagi “O‘zqishloqxo‘jaliktexnika” korxonasida chilangar, ta’mirlovchi, aloqa uzelida elektromontyor bo‘lib ishlardi. Undagi huquqshunoslik kasbiga bo‘lgan mehr o‘quvchilik davrida uyg‘onadi.

 – Huquqshunoslik sohasini tanlashimga maktabdagi do‘stimning akasi sabab bo‘lgan. Akasi o‘sha vaqtda yuridik institutda o‘qir edi. Maktabimizda bo‘lib turadigan tadbirlarda ishtirok etish uchun uni taklif etishardi. Shunday tadbirlarning birida uning erishgan yutuqlari, o‘qishi va bilimi bilan maqtanib gapirishdi. Men esa uni do‘stimning akasi bo‘lgani uchun yaxshi bilardim va unga havas qilardim. Taqdirni qarangki, yillar o‘tib shu kishi, ya’ni Sardor Husainov menga huquqshunoslik bo‘yicha universitetda dars beradi.

Farhod aka maktabni bitirgandan so‘ng, oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga hujjat topshiradi. Ammo uning omadi kelmaydi. Shunda u 1980-yilda yigitlik burchini ado etish uchun ketadi. Armiyadan qaytgach, huquqshunos kasbini egallash maqsadida Toshkent davlat universitetining tayyorlov bo‘limida o‘qiy boshlaydi. Vanihoyat, tinimsiz o‘qib, o‘rganishlari natijasida ushbu oliygohning yuridik fakultetiga o‘qishga kiradi.

F.Yusupov universitetni bitirgach, ilk mehnat faoliyatini Xorazm viloyati Urganch shahar prokuraturasida ish o‘rganuvchilikdan boshlaydi. Shu tariqa 14 yil davomida Toshkent viloyatiga qarashli prokuratura organlarida prokuror yordamchisi, tergovchi, katta tergovchi, prokuror, shundan 5 yil davomida O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining tashqi iqtisodiy faoliyatda korrupsiya, talontoroj va boshqa suiiste’molchiliklarga qarshi qurash boshqarmasida alohida muhim ishlar bo‘yicha katta tergovchi, shuningdek, Xorazm viloyat prokuraturasi iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi qurash bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlaydi.

– Tanlagan kasbim o‘ta mas’uliyatli va shu bilan birga og‘ir kasblardan biri. Chunki birgina noto‘g‘ri qaror inson hayotini qaysidir darajada hal etishi mumkin. Shuning uchun har bitta ishni ko‘rish jarayonida uning yaxshi va yomon tomonlarini atroflicha, jiddiy o‘rganib chiqish va yakunida odilona, qonun doirasida qaror chiqarish kerak bo‘ladi. Bu jarayonlarda tergovchi, prokurorning ortida ham yomonlik yoki dushman turgan bo‘lishi mumkin. Bugungacha faoliyatim davomida ko‘rib chiqqan barcha ishlarimdan ko‘nglim to‘lgan va bundan boshqalar ham rozi bo‘lgan. Chunki haligacha tergov qilgan ishlarim ortida yaxshi so‘zlar, tashakkurlar eshitaman. Men doimo haqiqat yuzaga chiqishi uchun kurashganman. Chunki haqiqat egiladi, bukiladi, ammo sinmaydi.

2002-yil F.Yusupov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining yuridik boshqarmasiga yetakchi yuriskonsult sifatida temir yo‘lga kirib kelib, sohasi bo‘yicha o‘z faoliyatini boshlaydi. Keyinchalik “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Afg‘oniston Islom Respublikasida Xayraton – Mozori Sharif temir yo‘l liniyasining qurilishi bo‘yicha qurilish boshqarmasi yetakchi yuriskonsulti, yuridik boshqarmasi yetakchi yuriskonsulti, katta yuriskonult, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, kapital qurilish direksiyasi yuriskonsulti bo‘lib ishlagan.

U bugungacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining huquqni qo‘llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashni tashkil etish, jamiyat tomonidan ishlab chiqilayotgan (qabul qilinayotgan) ichki normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarining qonunchilikka muvofiqligi ustidan nazoratni olib borish, jamiyatning qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etgan. Qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflarni tayyorlash masalalarida ularning tuzilmalari ishini muvofiqlashtirish, jamiyat xodimlarining huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligini oshirish, ularga qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun va ahamiyatini, shu jumladan, zamonaviy axborotkommunikatsiya texnologiyalari orqali yetkazishdagi mehnatlari alohida ahamiyatga ega. Bundan tashqari, shartnomaviy-huquqiy va talabnoma-da’vo ishlarini yuritish, jamiyatning mulkiy va boshqa manfaatlarini ishonchli himoya qilinishini ta’minlab, temir yo‘l transporti tizimida boy tajribali, yuksak malakali huquqshunos sifatida mamlakatimiz temir yo‘l transportini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

 – So‘nggi vaqtlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida huquqiy yo‘nalishda juda katta ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Tizimni rivojlantirish va takomillashtirish uning iqtisodiy salohiyatini yaxshilash, shuningdek, sudda’vo ishlari borasida ko‘plab ijobiy qarorlar chiqarilishiga erishilmoqda. Xususan, 2025-yilning bugungi kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlari tomonidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati foydasiga asosiy qarzdorlik summalari hamda 2 ta da’vo ariza bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatidan mablag‘ undirilishi haqidagi 2 ta iqtisodiy ishlar bo‘yicha da’vo talablari rad etilishi to‘g‘risida sud hal qiluv qarorlarining qabul qilinishiga erishilgan. Natijada 3 yarim yillikda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan da’vogarlarning asossiz da’vo talablari rad etilishi oqibatida jamiyat pul mablag‘lari saqlab qolinib, iqtisod qilingan.

Farhod aka turmush o‘rtoqlari Bibijon opa bilan 4 nafar farzandni voyaga yetkazib, Vatanga yetuk insonlar qilib tarbiyalashdi. Farzandlaridan biri Farrux Yusupov ham hozirgi kunda “Temiryo‘linfratuzilma” aksiyadorlik jamiyatida huquqshunos bo‘lib ishlamoqda.

– Fursatdan foydalanib, yaqinlashib kelayotgan 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kuni munosabati bilan o‘zim va yuridik departamenti jamoasi nomidan “O‘zbekiston temir yo‘llar” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va barcha temiryo‘lchilarimizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ularga sog‘liq-salomatlik, oilaviy tinchlik, xotirjamlik, barcha ishlarida zafarlar tilayman.

 

N.NURMATOVA