TEMIRYO‘LCHILARNING SHIFOKORI EKANLIGIMDAN MINNATDORMAN
Hech e’tibor berganmisiz, jarrohlar ichida erkaklar ayollarga nisbatan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Sababi, shifokorlikning ushbu yo‘nalishi og‘ir mas’uliyat, katta chidamlilik va matonatni talab qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” mas’uliyati cheklangan jamiyati Markaziy klinik kasalxonasi filiali jarrohlik bo‘limi mudiri Javlonbek Ollaberganov ana shunday matonatli, shu bilan birga samimiy va mehribon shifokorlardan. Uning fikricha, shifokor huzuriga davo istab murojaat qilgan har bir bemorga yaqin qarindoshidek ‒ aka-ukasi, opa-singlisi yoki jigaridek munosabatda bo‘lish lozim. Bemor dardiga davo topishda, eng avvalo, oddiy va tezkor choralar qo‘llanilib, zarurat tug‘ilgan taqdirdagina eng so‘nggi, ilmiy jihatdan samarali va ijobiy natija beruvchi usullargacha bo‘lgan barcha amaliyotlar qilinishi hamda uning sog‘lom hayotga qaytishiga ko‘maklashish kerak.
Keling, yaxshisi bu yil xizmatlariga yarasha “Faxriy temiryo‘lchi” belgisiga sazovor bo‘lgan ushbu jarroh shifokorimiz bilan bo‘lgan suhbatni e’tiboringizga havola qilamiz.
‒ Javlonbek aka, sizni ko‘pgina temiryo‘lchilarimiz yaxshi tanishadi, ularga o‘zingiz haqingizda yanada ko‘proq ma’lumot berib o‘tsangiz...
‒ Men 1978-yil Xorazm viloyati, Shovot tumanida tug‘ilganman. 2002-yil Birinchi Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filiali “Davolash” fakultetining umumiy amaliyot shifokori mutaxassisligini tamomlab, 2002-2005-yillar davomida Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining jarrohlik mutaxassisligi bo‘yicha magistratura yo‘nalishida tahsil olganman. Moskvada jarrohlik bo‘yicha ikki marotaba malaka oshirishda bo‘lganman.
‒ Jarrohlik kasbini tanlashingizga kimlar va nima sabab bo‘lgan?
‒ Aslida men shifokorlar oilasida tug‘ilganman. Otam jarroh, onam ginekolog bo‘lganlar. Opam onamning yo‘nalishini tanlagan, katta singlim ham shifokor. Men ko‘proq jarrohlikka qiziqqanman. Otamning oldilariga ko‘plab har xil holatdagi bemorlar najot istab kelardi. Otam ularga darhol yordam berib dardlarini yengillashtirar edi. Menga bu jarayonlarni kuzatish juda qiziq bo‘lardi. Otam sohaga oid bo‘lgan ko‘plab kitoblarni mutolaa qilardilar, men esa ularni keltirib berardim va har birini varaqlab, o‘qib chiqardim. Kitoblarni o‘qiganim sari jarrohlikka bo‘lgan qiziqishim kuchayib boraverar, menda yanayam ko‘proq savollar tug‘ilar va ularni javoblarini topish uchun tinmay izlanar edim. Shu tariqa shifokorlik kasbiga, jarrohlik yo‘nalishiga kirib kelganman. Ilk mehnat faoliyatimni 2005-yil 15-sentyabrda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Markaziy klinik kasalxonasida jarrohlik bo‘limi shifokori sifatida boshlaganman. Mana 20 yildan buyon ushbu kasalxonada ishlab kelmoqdaman.
‒ Bilishimcha, farzandlaringiz orasida ham shifokorlik kasbini tanlaganlar bor ekan...
‒ Shunday, egizak qizlarimning biri shifokor-laborant, biri stomatolog. O‘g‘illarimning biri I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti talabasi, kichigi hali maktab o‘quvchisi, lekin uning temir yo‘l sohasiga, poyezdlar harakatiga qiziqishi katta. Turmush o‘rtog‘im Nargiza shifokor-rentgenolog. Biz farzandlarimizni kasb tanlash borasida har doim xohishiga qaraganmiz va ularning qarorini qo‘llab-quvvatlaganmiz.
‒ Bugungi kunda faoliyatingiz davomida, jarrohlik amaliyoti bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirmoqdasiz, ularni ijobiy natijadorligi qay darajada?
‒ Umuman olganda kasalxonamizda transplantatsiya amaliyotidan tashqari barcha shoshilinch, rejali operatsiyalar amalga oshiriladi. Bu borada nafaqat temiryo‘lchilarimiz, balki fuqarolar, yurtdoshlarimiz bizni xizmatimizga katta ishonch bildirgan holda ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Operatsiyalarimizning natijadorligi 90 foizni tashkil qiladi. Hozirgi vaqtda churra va kistalarni olib tashlash, oshqozonni kichraytirish va boshqa jarrohlik amaliyotlarining 90 foizi laparoskopik usulda, ya’ni qorin bo‘shlig‘i yoki tos a’zolarini kichik kesmalar orqali tashxislash va davolash uchun ishlatiladigan kam invaziv usulda amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda ushbu usul butun dunyo tibbiyotida, jarrohlik amaliyotida keng qo‘llanilib kelinmoqda. Markaziy klinik kasalxonasida ham ushbu usul orqali jarrohlik amaliyotini o‘tkazish allaqachon yo‘lga qo‘yilgan. Bunday amaliyotning yengillik tomonlaridan biri operatsiyadan so‘ng og‘riqlar darajasining kam miqdorda bo‘lishidir.
‒ So‘nggi vaqtlarda aynan temir yo‘l sog‘liqni saqlash tizimida juda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Bular haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz...
‒ To‘g‘ri, hukumatimiz hamda temir yo‘l rahbariyati tomonidan ishchilarimizning salomatligi va ularni davolovchi soha xodimlarining faoliyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, klinikamizning moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda. Zamonaviy tibbiy jihozlar, laparoskopik asboblar va uskunalar, 4K texnologiyasi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, davlatimiz tomonidan har bir soha, kasb egalariga tilni bilishlariga katta e’tibor berilyapti. Chunki birgina chet davlatiga mutaxassislik bo‘yicha malaka oshirishga borsangiz, albatta tilni bilishingiz kerak bo‘lyapti. Aslida men maktabda ispan tilini o‘qiganman. Lekin bugungi kunda ingliz tili ‒ jahon tili deb tan olingan. Shu sababli, hozirda Markaziy klinik shifoxona rahbariyati tomonidan shifokor va hamshiralarga qulaylik yaratish maqsadida klinikaning o‘zida ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kursi tashkillashtirilgan. Haftada bir marotaba bo‘lib o‘tadigan darslarga men ham faol qatnashib, ingliz tilida bemalol so‘zlashishga harakat qilmoqdaman. Talabgor va o‘rganuvchilar salmoqli hissani tashkil etmoqda. Buning uchun kuchli mutaxassis jalb qilingan.
‒ Tanlagan kasbingizdan xursandmisiz?
‒ Albatta, xursandman. Ayniqsa, bemorlarim men orqali dardiga davo topganini ko‘rsam juda xursand bo‘laman. Bilasizmi, ish jarayonida turli jarohat olgan temiryo‘lchilar najot istab keladi, ularga tezkorlik bilan muolajalar qilamiz. Ko‘pchiligi hatto yodimdan chiqib ketgan, ularning o‘zlari gohida meni ko‘rganda “Siz davolagan edingiz”, deb minnatdorchilik bildirishadi. Ularning sog‘salomat ekanliklarini ko‘rib xursand bo‘laman. Temiryo‘lchilarning shifokori ekanligimdan, rahbariyat tomonidan “Faxriy temiryo‘lchi” belgisiga munosib ko‘rishganidan minnatdorman. Bunday e’tibor mendan yanada ko‘p mehnat va izlanishni talab qiladi. Temiryo‘lchilarimiz salomatligi yo‘lida barcha imkoniyatlarni ishga solib, kelajakda soham bo‘yicha oldimga qo‘ygan maqsad va rejalarni amalga oshirish niyatidaman.
Fursatdan foydalanib, kirib kelayotgan Yangi – 2026-yil bilan Markaziy klinik shifoxona rahbariyati va jamoasi hamda shaxsan o‘z nomimdan barcha temiryo‘lchilarimiz va ularning oila a’zolarini chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ularga eng bebaho ne’mat sog‘liq, xotirjamlik va farovonlik tilayman.
N.NURMATOVA suhbatlashdi