Temiryo‘lchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi

Bugun “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisi v.b. Z.Narzullayev boshchiligida “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” UK ish faoliyatini o‘rganish, muammolarini hal etish va kelgusi rejalarni belgilab olish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqan boshqaruv raisi bugungi kunda mamlakatimiz va temir yo‘l sohasida olib borilayotgan islohotlar, yangilik va o‘zgarishlarga eʼtibor qaratdi. Uzel tasarrufidagi korxona va tashkilotlar kadrlar tizimi ishini yaxshilash, ishchi-xodimlarni, ayniqa, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan rejalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.  

Yig‘ilishda uzel tasarrufidagi korxona va tashkilotlar ish faoliyatini yana-da yaxshilash uchun mavjud imkoniyatlari to‘g‘risida korxona rahbarlarning hisoboti tinglandi.  

Ochiq va oshkora muloqot tarzda o‘tgan yig‘ilishda ishtirok etgan korxona vakillari iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etdilar. Har bir taklif va tashabbus ishchi guruhi tomonidan eʼtiborga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.  

Boshqaruv raisi har bir korxona imkoniyatidan kelib chiqib erkin bozorga chiqishi kerakligi, eksport masalalariga jiddiy eʼtibor qaratishi lozimligi, iqtisodiy-moliyaviy natijadorlik birinchi o‘rinda bo‘lishi kerakligiga alohida urg‘u berdi.  

Termiz va Qarshi MTUlardagi o‘rganishlar natijasida ijobiy baholangan loyihalardan misollar keltirib, uzellar o‘zaro hamkorlik va tajriba almashib ishlashlari maqsadga muvofiqligini taʼkidladi.  

Yig‘ilishda sohada uzoq yillar samarali mehnat qilib, temir yo‘l rivojiga munosib hissa qo‘shgan bir guruh xodimlar nafaqaga kuzatildi. 

– Temir yo‘l ravnaqi yo‘lda qilgan mehnatlaringizni yuksak qadrlaymiz va samarali mehnat faoliyatingiz uchun cheksiz minnatdorlik bildiramiz. Sizlar boshlab bergan ezgu ishlarni shogirdlaringiz bilan davom ettirib, Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘vor ishlarni amalga oshirishda, temir yo‘lni yana-da rivojlantirishda bundan keyin ham maslahatlaringizga suyanamiz, – dedi Z.Narzullayev.

Axborot-tahliliy media markazi
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ