«O‘zbekiston temir yo‘llari» yuk tashish hajmini oshirishga doir kelishuv imzoladi
Joriy yil 14-16 oktyabr kunlari Qozog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tayotgan «NEW SILK WAY» VIII xalqaro biznes-forumi doirasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ Boshqaruvi raisi Z.G. Narzullayev Qozog‘iston, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Tojikiston temir yo‘l administratsiya rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralarda yuk tashish hajmlarini oshirish, tranzit va import tashuvlarini kengaytirish hamda mavjud transport yo‘laklari imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo‘shimcha yuk oqimlarini jalb etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Shuningdek, temir yo‘l logistikasi samaradorligini oshirish, tashish jarayonlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va yuklarni o‘z vaqtida yetkazib berish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro yo‘nalishlarda qulay va raqobatbardosh logistika xizmatlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvlar yakunida yuk tashish hajmlarini oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Tomonlar mintaqaviy transport aloqalarini mustahkamlash va temir yo‘l sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI