O‘zbekiston Respublikasining "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonunining mazmun-mohiyati tushuntirish yuzasidan yig‘ilish tashkil etildi
2024-yil 26-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Zoom platformasi orqali jamiyat tarkibida barcha xodimlar bo‘limi mutaxassislari ishtirokida videokonferensiya yig‘ilishi o‘tkazilib, unda 2024 yil 5-iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasining "Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi Qonunining mazmun-mohiyati haqida maʼlumotlar berildi.
Ushbu videokonferentsiyada Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat va komplayens boshqarmasi, Personalni boshqarish va kadrlarni tayyorlash boshqarmasi, “Temiryo'lkargo” AJ, “Temiryo'linfratuzilma” AJ xodimlari va boshqalar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i F.Yu.Zulfikarov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi, mazkur Qonunda “manfaatlar to‘qnashuvi” tushunchasiga aniq taʼrif berilganligi, manfaatlar to‘qnashuvi kimlar o‘rtasida va qachon vujudga kelishi mumkinligi to‘g‘risida ko‘rsatib o‘tilganligi, davlat tashkiloti xodimlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish sohasidagi huquq va majburiyatlari, cheklovlar, jumladan Qonun talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilanganligi hamda Qonunning mazmun-mohiyati yig‘ilish ishtirokchilariga batafsil tushuntirildi.
Xususan, Jamiyat va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlari hamda ularning xodimlari o‘rtasida manfaatlari to‘qnashuvi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha olib boriladigan ishlar, shaxsiy manfaatdorlik hamda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida ishtirokchilarga tahliliy tarzda batafsil tushuntirib berildi. Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar qatorida mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi bandlar qo‘shilishi hamda ishga qabul qilinayotgan xodimlarning ular bilan tanishtirilishi yo‘lga qo‘yilgani to‘g‘risida ham maʼlumot berildi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi tizimli islohotlarning yana bir amaliy ifodasi ekanligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Jamiyat boshqaruv raisining 2022 yil 4 iyulda 647-N sonli “Jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha asosiy ichki hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan asosiy ichki idoraviy hujjatlar ijrosiga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va uning mintaqaviy temir yo‘l uzellari, boshqarmalari, markazlari, direksiyalari, korxonalari, muassasalari, tashkilotlari va tarkibiy bo‘linmalarida manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha Nizomga amal qilinishini nazoratga olish to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma va ogohlantirishlar berildi.
"O'zbekiston temir yo'llari" AJ
Axborot-tahliliy media markazi