
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi
2025-yil 8-sentyabr kuni “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning samaradorligi va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarga qaratilgan profilaktik yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi mas’ul xodimlari, shuningdek, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi jamiyat tizim tashkilotlari rahbar xodimlari hamda Respublikaning korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq boshqa mutasaddi tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Majlis davomida 2025-yilning dastlabki 8 oyida Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida olib borilgan ishlar borasidagi hisobot tinglandi.
Bundan tashqari, markaziy apparat va tizim bo‘linmalarida noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olish, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan sharoitlarni bartaraf etish masalalari, shuningdek, joriy yilning 8 oyida qayd etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar holati tanqidiy muhokama qilindi.
Shu bilan birga, tizimda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, tizim faoliyatini raqamlashtirish orqali shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.