“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyatida inson omili minimallashtirilmoqda

Mamlakatimiz iqtisodiyotini raqamlashtirish sharoitida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda strategik ustuvorliklarni joriy etish borasida tarmoqni rivojlantirishga hissa qo‘shayotgan yo‘nalishlardan biri sohada transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish hisoblanadi. Mazkur jarayon o‘z ichiga temir yo‘l transporti mijozlari uchun qulayliklar yaratish, xizmat sifati va raqobatbardoshlilik darajasini oshirish bilan birga biznes jarayonlarni raqamlashtirish va yanada takomillashtirishni talab etmoqda. Sababi mijozlar talab va ehtiyojlari asosida zamonaviy xizmatlarni tezkor va sifatli amalga oshirish, transport xizmatlari tannarxini pasaytirish, natijadorlikni oshirish jarayonlari o‘z navbatida ulardagi shaffoflik va hisobotlilikka asoslanmog‘i lozim.

Bugungi kunda temir yo‘l tarmog‘ini barqaror rivojlantirish, olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish yo‘lida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan biri korrupsiyadir. U yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga, adolat va halollik tamoyillariga putur yetkazadigan xavfli illatdir. Shu sabab so‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi siyosat izchil amalga oshirilib, normativ-huquqiy asoslar va unga qarshi kurashish borasida samarali mexanizmlar shakllantirildi.

Qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun, davlat dasturlari hamda Prezidentimiz tomonidan imzolangan farmon va qarorlar ushbu yo‘nalishda izchil faoliyat olib borilayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, elektron hukumat tizimining joriy etilishi, onlayn xizmatlar, elektron hujjatlar almashinuvi va raqamli monitoring inson omilini sezilarli kamaytirib, ko‘plab sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga xizmat qilmoqda.

Shu qatorda, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida ham korrupsiyaning oldini olish, mavjud xavf-xatarlarni bartaraf etish, shaffoflik va adolat tamoyillarini mustahkamlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan:

  • yuk tashish operatsiyalarining shaffofligini ta’minlash uchun e-nakl.railway.uz elektron platformasi ishga tushirildi;

  • poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, vagon o‘qlaridan temir yo‘l izlariga tushadigan yuklamani hamda vagonlarning vazn me’yorlarini samarali nazorat qilish, yuklarni haqiqiy vazni bilan ularni yuk tashish hujjatlari ma’lumotlari orasidagi nomuvofiqlik holatlarini bartaraf etish maqsadida bugungi kunda 10 dan ortiq yuk terminaliga ega stansiyalarga elektron tarozilar o‘rnatildi va uzliksiz ishlamoqda.

  • elektron vagon tarozilaridan ma’lumotlarni onlayn uzatish tizimi yo‘lga qo‘yildi;

Ushbu chora-tadbirlar temir yo‘l tarmog‘ida shaffoflikni ta’minlash, xizmatlardan foydalanishda adolat va halollik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Hurmatli mijozlar!

Agar siz yo‘lovchi tashish, yuk tashish va yoki elektron tarozida yuk vagonlari og‘irligi borasida korrupsiyaga oid holatlarga duch kelsangiz Jamiyatning korrupsiya haqida xabar berishga mo‘ljallangan +998 (71) 237 99 98 raqamli ishonch telefoni, aloqa kanallari, yoki uzrailway_anticor_bot telegram boti orqali xabar berishingizni so‘raymiz.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ korrupsiyaning har qanday shaklini qat’iy qoralaydi va tizimda shaffoflikni ta’minlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.