Biz korrupsiyaga yo‘q deymiz!

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida adolat, qonun ustuvorligi va shaffoflik tamoyillari davlat boshqaruvining bosh mezoni sifatida belgilangan. Mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, fuqarolar manfaatini taʼminlash va ijtimoiy adolatni qaror toptirishga qaratilgani barchaga maʼlum. Biroq ushbu ezgu maqsadlar sari intilayotgan bir paytda jamiyat taraqqiyotiga to‘siq bo‘lib kelayotgan illat — korrupsiyaga qarshi keskin kurashish muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi tizimli kurashishga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratildi. Faqatgina 2024-yilning o‘zida ushbu sohada 8 ta yangi normativ-huquqiy hujjat qabul qilinishi — davlatning qatʼiy siyosat yuritayotganini ko‘rsatadi. 

Shu ma’noda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qabul qilingan qonun korrupsiyaga qarshi kurashning eng muhim huquqiy poydevorlaridan biri sifatida tarixiy ahamiyat kasb etdi. Manfaatlar to‘g‘ri boshqarilmasa, mansabdor shaxs xizmat mavqeidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanishga moyil bo‘lib, muqarrar ravishda korrupsiya holatlarini vujudga kelishi ehtimoli mavjud bo‘ladi. Shuning uchun ham manfaatlar to‘qnashuvini vaqtida aniqlash, kelib chiqishining oldini olish va to‘g‘ri boshqarish korrupsiyani kamaytirishning asosiy shartlaridan hisoblanadi.

Shu bilan birga davlatimiz qonunchiligida pora olgan yoki lavozim mavqeini suiisteʼmol qilgan shaxslar uchun jiddiy jazolar belgilangan. Bu esa har bir mansabdor shaxs o‘z xizmat vakolatlaridan faqat qonun asosida va vijdonan foydalanishi lozimligi masalasini yana bir bor ilgari suradi va ular uchun ogohlantirish bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Korrupsiya avvalo inson huquqlarining buzilishi, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchining kamayishi, iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishiga sabab bo‘ladi. Korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki davlat idoralarining vazifasi emas. Bu — har bir fuqaroning, har bir oilaning, har bir davlat va jamoat tashkilotining ma‘naviy burchi bo‘lib, istiqbolli kelajak uchun eng katta hissa qo‘shadigan omillardandir.