9-dekabr Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo’lib o’tdi
Joriy yilning 10-dekabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ katta majlislar zalida Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni doirasida “Biz korrupsiyaga yoʻq deymiz” shiori ostida keng qamrovli tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, professor, "Korrupsiyaga qarshi kurashish" Milliy kengashi a'zosi T.B.Matibaev tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb jihatlari, sohadagi mavjud xavf-xatarlar va ularning oldini olish bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Mutaxassislar korrupsiyaning iqtisodiy o‘sishga, xorijiy investitsiyalar jalb etilishiga hamda jamoatchilik ishonchiga salbiy ta’siri haqida amaliy misollar asosida fikr yuritib, xodimlarga muhim tavsiyalarni taqdim etdilar.
Shuningdek, tadbir davomida fuqarolar bilan ochiq muloqot, ommaviy axborot vositalarining faol ishtiroki, shaffoflik tamoyillarini kuchaytirish hamda fosh qiluvchilarni himoya qilish mexanizmlarining amaldagi ahamiyati alohida qayd etildi.
Ishtirokchilarga maxsus tayyorlangan videorolik namoyish etilib, unda temir yo‘l sohasida uchrashi mumkin bo‘lgan korrupsion holatlar, ularning oqibatlari va jahondagi ilg‘or tajribalar yoritildi. Rolik tadbir qatnashchilariga mavzuni yanada chuqurroq anglashga yordam berdi.
Yig‘ilish yakunida temir yo‘l sektorida korrupsiyaga qarshi kurashish chuqur huquqiy islohotlar, zamonaviy texnologik yechimlar, mas’ul xodimlar malakasini oshirish va jamoatchilik nazorati orqali amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tashabbuslar sohada shaffoflikni kuchaytirish, xavfsizlikni mustahkamlash va xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.