Mijozlar ishonchi: Transport-tranzit salohiyatini rivojlantirish yo‘lida

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida temiryo‘lchilar oldiga qo‘ygan dolzarb vazifalar va sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hamda Yurtboshimizning joriy yil 28 yanvar kunidagi transport tizimini samarali tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda berilgan ko‘rsatmalarini ijro etish borasida joylarda qator amaliy ishlar o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, joylarda temir yo‘l mutaxassislari hamda o‘rta va kichik biznes vakillari ishtirokida amaliy seminarlar, jonli muloqot va qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Unda yuk tashish jarayonlarini takomillashtirish, yangi yuk tashish yo‘nalishlarini izlash, yuk hajmini oshirish, temir yo‘l transportiga qo‘shimcha yuklarni jalb qilib tranzit yo‘laklarining salohiyatini rivojlantirish, mavjud muammolarni joyida hal qilish va qo‘shimcha temir yo‘l xizmat turlarini ko‘paytirish masalalari ko‘rib chiqqan holda temir yo‘l tarmog‘i va mijozlar o‘rtasidagi hamkorlikni samarali rivojlantirish borasida o‘zaro fikr almashilmoqda.

Qayd etish lozimki, mazkur yo‘nalishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatining 10.01.2020 yilgi farmoyishiga binoan bugungi kungacha Farg‘ona, Namangan, Andijan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqolpog‘iston Respublikasi tadbirkorlari bilan joylarda turli yig‘ilish-tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan, kuni kecha, Urganch shahar hokimligi binosida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyatda faoliyat yurituvchi 99 nafar tadbirkor, jismoniy va yuridik shaxslar ishtirok etdi. Unda Urganch shahar hokimi Sh.Abdullaev ishtirok etib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyatiga samimiy va samarali hamkorlik uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Yig‘ilishda mijozlarga so‘ralgan vagon turlarini o‘z vaqtida yetkazib berish hamda yuklarni tushirish, ortish va qayta ortish jarayonlari, tashilayotgan yuklarni manziligacha yetib borishida butligini ta'minlash, tashkilot va korxonalar qaramog‘idagi temir yo‘l shahobchalaridan unumli foydalanish, vagonlarning bekor turib qolishini oldini olish chora-tadbirlari, yuk tashish qoidalari va talablari, ichki va xalqaro, shuningdek, transportning boshqa turlari ishtirokida aralash (multimodal) tashishni tashkil qilish hamda temir yo‘llarda yuk tashishlarning afzalliklari tushuntirilib, mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bu va boshqa dolzarb masalalar muhokama etilib ijobiy yechim topishida bildirgan o‘zaro taklif va mulohazalar asosida kelgusida servis xizmat ko‘rsatish tizimini yanada yaxshilash yuzasidan mijozlar bilan kelishib olindi. 

Joriy yilning fevral oyida yurtimizning yana bir qator viloyatlarida tadbirkor va ishbilarmonlar bilan uchrashuv tashkil etish rejalashtirilgan. Jumladan, poytaxtimiz Toshkentda hamda Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida davom ettiriladi.

Ta'kidlash lozimki, yuqorida qayd etilgan tadbirlar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning o‘tgan yil noyabr oyida tashkil etilgan yangi tarkibiy bo‘linma – Logistikani rivojlantirish va raqamlashtirish Bosh boshqarmasi, Yuk va tijorat ishlari boshqarmasi, Tashishlarni tashkil qilish boshqarmasi, “Yo‘lreftrans” AJ mutaxassislari hamda joylardagi mutasaddilari va temir yo‘l rahbarlari ishtirok etmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI