Lokomotiv parkida yana bir yangilanish
Shu kunlarda Xitoydan O‘zbekistonga zamonaviy va yuqori quvvatga ega bo‘lgan yuk va yo‘lovchi lokomotivlarining birinchi partiyalari olib kelinmoqda. Mazkur jarayon Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Lokomotivlarni sotib olish yo‘li bilan lokomotivlar parkini yangilash” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Hammasi bo‘lib mamlakatimizga 30ta zamonaviy elektrovozlar va ular uchun kerakli bo‘lgan ehtiyot qismlarni olib kelish rejalashtirilgan. Yangi olib kelinayotgan lokomotivlar yo‘lovchilar va yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shu jumladan murakkab tog‘li hududlarda og‘ir yuklarni tashish quvvatiga ham ega. Elektrovozlar ekologik xavfsizlik jihatidan xalqaro talablarga javob beradi va asinxron tortish elektr dvigatellari bilan jihozlangan. Lokomotivlarda qo‘llaniladigan zamonaviy texnologiyalar elektr energiyasini tejash bilan birga yoqilg‘i sarfini kamaytirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 6 martdagi PQ-2313-sonli “2015-2019 yillar uchun muhandislik-kommunikasiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bilan “Lokomotivlar parkiga 24 dona lokomotiv sotib olish yo‘li bilan yangilash” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. 2017 yil 27 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) qarz mablag‘larini jalb qilish bilan O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi hamkorlik dasturi doirasida “Lokomotiv parkini yangilash” loyihasini amalga oshirish ma'qullandi. 2019 yil 30 avgustda OTB bilan loyiha uchun 170 million AQSh dollari miqdorida kredit shartnomasi imzolandi.
2019 yil 17 iyulda bo‘lib o‘tgan xalqaro tender natijalari bo‘yicha CNTIC-CRRC-DRLOCO konsortsiumi bilan ikkita kuzovli 24 ta elektrovozni (16 ta yuk va 8 ta yuk-yo‘lovchi) olib kelish bo‘yicha 134,6 million AQSh dollari miqdorida shartnoma imzolandi. Elektrovozlarni shartnomaga muvofiq yetkazib berish muddati 2021-2022 yillarda amalga oshirish belgilandi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning yuk elektrovozlariga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olgan holda, 2020 yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda loyihaga ajratilgan summadan tejalgan 35,37 million AQSh dollar evaziga OTBga qo‘shimcha 6 ta elektrovoz va ehtiyot qismlarni olib kelish bo‘yicha qo‘shimcha bitimni imzolashni ma'qullash to‘g‘risida murojaat qilishdi. OTB ushbu talabni 2020 yil fevral oyida ma'qulladi.
Shu kunlarda loyihada belgilangan elektrovozlarning birinchi partiyasi, ya’ni 3ta yuk va 1ta yuk-yo‘lovchi lokomotivi hamda ularning ehtiyot qismlari olib kelindi. Joriy yilning 9 dekabr kuni ularning biri (ikki seksiyali yuk lokomotivi)da tegishli sozlash ishlari yakunlangach, sinov ishlari boshlandi. Yaqin kunlarda yangi elektrovozlarning 2-partiyasida yana 5 dona (3 yuk va 2 yuk-yo‘lovchi) elektrovozlarini olib kelish kutilmoqda. 2020 yil oxiriga qadar elektrovozlarning 3-partiyasini, ya’ni 3 ta yuk elektrovozlarni olib kelish rejalashtirilgan. 2021 yilda esa, shartnoma belgilangan qolgan 13ta yuk va 5ta yuk-yo‘lovchi elektrovozlar olib kelinadi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning lokomotiv parkida mavjud bo‘lgan lokomotivlarning 50 foizdan ortig‘i yangilangan.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI