Ugom - Chotqol davlat biosfera rezervatining ruxsat etilgan hududida sayohat uchun yaratilgan sharoitlar

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli  “Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati” unitar korxonasi Toshkent viloyatining Ohangaron, Parkent va Bo‘stonliq tumanlarining ajoyib tabiat maskanida joylashgan bo‘lib, bu yerda o‘simlik va yovvoyi hayvonot olami muhofaza qilinadi. Uning hududi 1066 gektarli maydonda So‘qoq nomli manzarali hudud joylashgan (Parkent tumani).

“So‘qoq dam olish maskani” hududi (sobiq Chotqol tog‘-meliorativ tajriba stansiyasi) – biosfera rezervatining o‘tish zonasida joylashgan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, hozirgi kunda "Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati" unitar korxonasining rahbariyati tomonidan o‘tish zonasida, uning so‘lim go‘shalarida ekoturizmni rivojlantirish, ya'ni hamyurtlarimizga hamda chet ellik sayyohlarga ekoturizm xizmatlarini taqdim etish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, bu yerga hududni obodonlashtirish, turistlarning dam olish uchun sharoitlarini yaxshilash, joylarda yog‘ochli o‘rindiqlar o‘rnatildi, o‘tov qurildi hamda sayr davomida dam olish uchun boshqa qator sharoitlar yaratilmoqda.

Dam olish maskanining mehmonlarning ayniqsa, go‘yo shoxlari osmonlarga tegib turgan daraxtlar mujassam bo‘lgan qarag‘ay o‘rmoni eng sevimli joylaridab biri hisoblanadi. Bundan tashqari, hududda ko‘k archa va olma bog‘lari mavjud. Ushbu joylarning o‘simlik va hayvonot dunyosi juda xilma-xil va noyob turlariga boy. Hayvonot dunyosiga mansub tog‘ echkilar, bo‘rsiq, kiyik, to‘ng‘iz va boshqa ko‘plab hayvonlar istiqomat qiladi. Bu yerda turli xil qushlar – boltayutar, kaklik, qora tasqara, kal jo'rchi va boshqa qizil kitobga kiritilgan ko‘plab jonzotlar yashaydi.

Mehmonlar ko‘nglidan joy olgan va tez-tez boriladigan manzillar – kichik sharshara, "Chashma" nomli buloq suvi hamda odam qiyofasiga o‘xshash bo‘lgan "Odam-tosh" nomli kichik tog‘ hisoblanadi. Muxtasar aytganda, So‘qoqda o‘zining go‘zal manzaralari, toza tog‘ havosi, tabiatga yaqinligi inson va uning salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.


Ushbu tabiiy hudud himoya ostida bo‘lganligini hisobga olgan holda, bu yerga kirish pulli va BHM (bazaviy hisoblash miqdori) ning 5% ni tashkil qiladi. Pensioner va 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kirish bepul.

So‘qoq hududiga tashrif buyurish bo‘yicha savollaringiz bo‘lsa, quyidagi telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin: +998-90-908-33-22, + 998-97-733-45-40.

Аxborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI