"Mahallabay": Temiryo‘lchilari obodonlashtirishga o‘z hissalarini qo‘shishda davom etmoqdalar

Ma'lumki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Mahallabay" ish tizimini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tashabbusi bilan har bir vazirlik, idora va tashkilotlarga hududlar ajratib berildi. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 10ta mahalla biriktirilganligi haqida avval xabar bergan edik. Ish rejasiga muvofiq har bir mahallaga 10dan ortiq korxona va Jamiyatning 300ga yaqin xodimlari biriktirilgan. Belgilangan hududlarni obodonlashtirish, har bir mahallada zarur qurilish va ta'mirlash ishlarini olib borish vazifalari ularga ishonib topshirilgan. Ushbu ishlar uchun Jamiyat tomonidan 20ga yaqin maxsus yuk ko‘tarish mexanizmlari, yuk mashinalari va qurilish texnikalari ajratilgan.

Yangi zamon – tumanning eng katta mahallalaridan biri, aholi ham zich joylashgan, xonadonlar ko‘p, ayniqsa, 2 va 3 qavatlik eski uylar bisyor hududlardan biri hisoblanadi. Ularning aksariyati ta’mirga muhtojligini inobatga olgan holda ushbu mahallada temiryo‘lchilar qariyb uch oydan buyon ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini olib borishmoqda. 

– Temiryo‘lchilar tomonidan bu yerda qisqa vaqt davomida ellikdan ortiq daraxtlarga shakl berildi, 100 tup manzarali ko‘chatlar ekildi, – deydi Toshkent 1-yuk vagon deposining Kasaba uyushmasi raisi Jaloliddin Isroilov. – Obodonlashtirish ishlari uchun 2ta maxsus texnika ajratilib, 120 nafardan ziyod ishchi kuchi jalb qilindi. 

Mutaxassislar tomonidan noqonuniy qurilgan binolar va avariya holatiga kelib qolgan omborxonalar buzildi, mahalla hududi 250 tonnadan ortiq qurilish va maishiy chiqindilardan tozalandi, 800 metrdan ziyod yo‘l chetidagi bordyurlar yangisiga almashtirildi, 800 metrdan ziyod ariq va lotoklar tozalandi. Temiryo‘lchilar “Yangi-zamon” ko‘chasidagi 16 A/5 uy hududidagi bolalar maydonchasini ta’mirlab, xavfsiz o‘yingohga aylantirishdi. Eski “Sariko‘l” ko‘chasidagi 136, 140 hamda 142 uylar tomi Toshkent 1-yuk vagon deposi ishchi-xodimlari tomonidan ta’mirlanib, xizmat ko‘rsatish muddatini o‘tab bo‘lgan shiferlar o‘rniga yangi tunuka mahsulotlari bilan qoplandi. Shuningdek, ushbu hududdagi bolalar maydonchasiga arg‘imchoqlarni o‘rnatish uchun 250 kilogram sement va 500 kilogram klines olib berildi va “Quyuv mexanika zavodi” shoʻba korxonasi mutaxassislari tomonidan o‘rnatildi. 

Hozirda aholi va ijtimoiy soha ob’yektlaridagi muammolarni hal qilishga qaratilgan ishlar tashkillashtirilmoqda. Muxtasar qilib aytganda, mahallalarni ta’mirlash va obodonlashtirish jarayonida mutaxassislarimiz “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilganlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak berishga katta e’tibor qaratishmoqda. 
 
Temiryo‘lchilarning mehnati va tashabbusi bilan kundan-kunga  ko‘rkamlashib, chiroy ochib borayotgan mahallalarni ko‘rib, bu yerda istiqomat qilayotgan fuqarolar o‘z minnatdorchiliklarini bildirishmoqda. Zero, mahalla obod bo‘lsa, hayot ham farovon bo‘ladi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI