Front va front orti qahramonlari bo‘lgan temiryo‘lchilarga ehtirom ko‘rsatildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan temir yo‘l tizimida faoliyat ko‘rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchilar xonadoniga tashrif buyurib, ular holidan xabar olindi, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi, esdalik sovg‘alari berildi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida   “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilovning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i e’lon qilindi. Unga ko‘ra 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi nishonlanishi munosabati bilan mamlakatimiz temir yo‘l sohasida faoliyat ko‘rsatgan urush qatnashchilarining har biriga 10 million so‘mdan, front ortida mehnat qilgan faxriy temiryo‘lchilarga esa 5 million so‘mdan pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar berildi. 

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda temir yo‘l tizimida uzoq yillar ishlab, ayni damda keksalik gashtini surayotgan 5 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari hamda 71 nafar front ortida mehnat qilgan vatandoshimiz qoldi. Odatda har yili ularning  xonadonlariga borib, holidan xabar olinadi, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. Bu yil ham bu an’ana davom ettirildi. 7 may kuni O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Qutlimurat Sabirov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi, “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi rahbari Oybek Xudoyqulov, Personalni boshqarish va kadrlar tayyorlash boshqarmasi boshlig‘i Aziz Xamroliyev hamda boshqa mutasaddilar bilan hamkorlikda front ortida mehnat qilgan va keyinchalik mamlakatimiz temir yo‘l tizimining markaziy apparatida faoliyat ko‘rsatgan va ayni paytda Toshkent shahrida istiqomat qilayotgan 5 nafar temiryo‘lchi xonadoniga tashrif amalga oshirildi. 
Dastlab birinchi manzil poytaxtimizning Yashnobod tumanida istiqomat qilayotgan  Abdug‘afur Jalilov otaning xonadoniga tashrif buyurildi. 93 yoshni qarshilagan faxriy temiryo‘lchi mehmonlarni ko‘rib quvonib ketdi. Unga O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Q.Sabirov “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi rasi vazifasini bajaruvchi X.Xasilovning otaxonga Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan e’zgu tilaklar yozilgan tashakkurnoma, 5 million so‘m pul mukofoti hamda 43 diametrlik “Artel” televizori va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat sovg‘ani taqdim etdi.

Tashrif buyurgan mehmonlar otaxonga rahbariyatning yaxshi tilaklarini bildirib, sog‘-salomat bo‘lib yurishlarini hamda zarurat tug‘ilganda temir yo‘l rahbariyati tomonidan har qanday yordam ko‘rsatilishi, ayniqsa, ijtimoiy, tibbiy hamda moddiy qo‘llab-quvvatlanishini aytib o‘tishdi. Temir yo‘l dam olish oromgohlari, sanatoriyalar, shifo maskanlari eshiklari urush qatnashchilari va front ortida mehnat qilganlar uchun har doim ochiq ekanligini eslatib o‘tishdi. Poytaxtning ko‘rkam mahallasidagi obod uylardan birida hayot kechirayotgan faxriy temiryo‘lchi Abdug‘afur ota ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan quvonib, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyatiga katta minnatdorchilik bildirdi, mamlakatimiz taraqqiyoti hamda xalqimiz farovonligi yo‘lida amalga oshirayotgan ishlarida ulkan zafarlar yor bo‘lishini yaratgandan so‘radi. Shundan so‘ng mehmonlar otaxonga sihat salomatlik tilab xayrlashishdi. Keyngi tashrif front orti qatnashchisi, 91 yoshlik Gabdulxak Salaxovning xonadoniga bo‘ldi. Undan so‘ng 91 yoshlik Samar Klichev, 92 yoshlik Pelageya Podgornova hamda  97 yoshni qarshi olgan Antonina Proskudina xonadonlariga tashrif buyurib sovg‘a salomlar, pul mukofotlari berilib, e’zgu tilaklar bildirildi.

– Tashrifingiz uchun minnatdorman, boshim osmonga yetdi, – deydi Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortida mehnat qilgan temiryo‘lchi Samar Klichev. – Tinchligimizga, farovon turmushimizga ko‘z tegmasin. Davlatimiz va hukumatimiz hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan bizlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan judayam minnatdormiz. Yigitlik davrimning eng qizg‘in va gullagan chog‘i urushga to‘g‘ri keldi. Garchi urush maydonlarida bo‘lmagan bo‘lsamda, front ortida ulardan kam mehnat qilmadim. Boshimdan qanchadan-qancha azobu uqubatlar o‘tdi. Bir tishlam nonu, bir qultum suvga muhtoj bo‘ldim, do‘st-birodarlarimning bir nechtasi jang maydonlarida halok bo‘ldi. Bugun mendan “dunyodagi eng aziz ne’mat nima?” deb so‘rashsa, hech ikkilanmay, “tinchlik”, deya javob berardim. Har yili ushbu sanada va boshqa bayram kunlarida temir yo‘l rahbariyati bizni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlab keladi. Bundan juda hursandmiz. Rahmat sizlarga. 

Ushbu an’ana mamlakatimizning barcha hududlaridagi temir yo‘l korxonalarida, mintaqaviy temir yo‘l uzellarida davom ettirildi.
Ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi bo‘lganlar safi ham oramizdan tobora kamayib bormoqda. Shu bois ularni har qancha e’zozlasak, ehtirom ko‘rsatsak arziydi.

                                                                                                                                                            Axborot-tahliliy media markazi
0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI