Moliyaviy hisobot bo'yicha tarqatilayotgan noto'g'ri ma'lumotlarga raddiya
Kuni kecha qator elektron mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida "O'zbekiston temir yo'llari" aksiyadorlik jamiyatining 9 million AQSh dollarlik zarar mavjudligi to‘g‘risida maqolalar chop etildi hamda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlar tarqalishi, "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning ishbilarmonlik obro‘siga asossiz dog’ tushurmoqda.
Shu bilan birga, ko'plab Internet nashrlar mavzuning asl mazmun-mohiyatini tushunmasdan, mazkur xabarni ko‘chirmakashlik tarzda qayta nashr etishmoqda. Gap shundaki, "O‘zbekiston temir yo‘llari” o‘tgan chorakda 95,6 mlrd.so‘m zarar ko‘rdi, degan talqindagi haqiqatga mos kelmaydigan axborot tarqatilmoqda.
Ba’zi internet nashrlari Korporativ axborot yagona portalida (openinfo.uz) chop etilgan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJning 2021 yil I-chorak yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotlarini internet o‘kuvchilariga asossiz va noto‘g‘ri holda taqdim etmoqda.
Internet nashrlarining “savodli” journalist va bloggerlari buxgalteriya hisobi hamda moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish bo‘yicha birlamchi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmay turib, moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish qoidalariga to‘la mos ravishda tayyorlangan hisobotlardagi - "Daromad (foyda)" ustunini "Xarajatlar (zararlar)" ustuni bilan adashtirgan, natijada "Sof foyda" satrida ko‘rsatilgan 95,7 mlrd. so‘m mablag‘ni "Sof zarar" tariqasida talqin qilgan.
Tasdiqlanmagan, asossiz ma’lumotlarni nashr etish to‘g‘ridan-to‘g‘ri jurnalistikaning axloqiy me’yorlariga zid bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarning noto‘g‘ri talqin qilinishiga olib keladi.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, har qanday moliyaviy hisobotlarga oid tahliliy ma’lumotlar haqida maqola yozishda va ularga yondashuvida, avvalam, moliya-iqtisodiyot sohasida bilimi bor mutaxassislar bilan fikrlashishi hamda ishonchli ma’lumotlardan foydalanilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki jurnalistikaning asosiy qoidalaridan biri – har qanday ma’lumotni tekshirish va qayta tekshirishdir!
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI