Ayollar muammolari tizimli ravishda hal etilmoqda

Mamlakatimiz temir yo‘l tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularni himoya qilishga katta ahamiyat qaratilmoqda.

Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi mutaxassislari tomonidan respublikamizning chekka hududlardagi temir yo‘l korxonalariga borib, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar holidan xabar olinmoqda. 

Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilovning 2021 yil 26 maydagi “Ishchi guruh tuzish va xizmat safariga yuborish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashining ishchi guruhining navbatdagi manzili “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi bo‘ldi.

 Tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq ular dastlab “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida mehnat qilayotgan  xotin-qizlari bilan uchrashib, ularning hayot tarzi va muammolarini o‘rganib chiqishdi. Madaniyat saroyida o‘tkazilgan yig‘ilishda yuzdan ortiq temiryo‘lchi xotin-qizlar ishtirok etdi. Yig‘ilish davomida xotin-qizlarning muammolari, savol va takliflari tinglandi. Ularga ishchi guruh tomonidan kerakli maslahat va yo‘nalishlar berildi.

Qarshi MTU unitar korxonasi va unga qarashli korxonalarda olib borilgan savol-javob natijalariga ko‘ra “Ayollar daftari”ga 2 nafar temiryo‘lchi ayol kiritildi. O‘rganish davomida ishchi guruh bu ayollarning yashash manzillariga borib, turmush tarzi, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli va muammolari bilan tanishib chiqdi.

Nodira (ismlar o‘zgartirilgan) temir yo‘lning tibbiyot yo‘nalishida mehnat qiladi. Oilali, 2 nafar farzandi bilan bir hovlida bir nechta oila bo‘lib yashashadi. Uning uy-joy muammosi o‘rganilib, ishchi guruh tomonidan zarur maslahatlar berildi. Qarshi temir yo‘l shifoxonasida ishlaydigan Azizaga esa hayot tashvishlarini yengib o‘tishda psixologik yordam ko‘rsatildi. Temir yo‘l kasalxonasida ishlaydigan 5 farzandli Barno opa erini ish bilan ta’minlashni so‘radi. Kam ta’minlangan bu ayolga ham tegishli maslahatlar berildi va yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi. 
Qarshi signallashtirish va aloqa masofasida 32 yildan buyon elektro-montyor bo‘lib ishlaydigan ayol boquvchisiz qolgani va voyaga yetgan farzandini ish bilan ta’minlashda amaliy yordam berilishini so‘radi. 
Inson doimo turmush tarzini yaxshilash uchun imkoniyat izlaydi. Masalan, Halima ham temir yo‘l shifoxonasida ishlaydi. U turmush o‘rtog‘i bilan ikki nafar farzandni tarbiyalamoqda. Uyini gazlashtirish maqsadida olingan kreditning to‘lovi bir o‘ziga qiyin bo‘lganligi sababli turmush o‘rtog‘ini ish bilan ta’minlanishida yordam so‘radi.
 
Har bir xizmat safaridan so‘ng ishchi guruh a’zolariga viloyatlardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar orqali ayollar o‘z minnatdorchiliklarini bildirishmoqda. Bu esa o‘z navbatida ishchi guruhi olib borayotgan faoliyatining samaradorligidan dalolat beradi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI