Oromgohlarda bolajonlar uchun yoz mavsumi boshlandi

2021 yilgi mavsumda temiryo‘lchilar hamda transport quruvchilari va metropoliten ishchi-xodimlarining 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 7 ming nafar  o‘g‘il-qizlarini 3-5 navbatda 12 kundan dam oldirish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan, – bu tarmoq korxonalari ishchi-xodimlarining 7-14 yoshgacha bo‘lgan jami 21803 nafar farzandlarining soniga nisbatan ishchi-xodimlarning 41 foizini tashkil etadi. Bundan tashqari, “Termiz” va “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonalari xodimlarining farzandlari boshqa soha oromgohlaridan xarid qilinadigan yo‘llanmalar orqali sog‘lomlashtiriladi. 

E’tiborlisi, tarmoq rahbariyati tomonidan bu yilgi mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi, barcha oromgohlar temiryo‘lchi farzandlarining maroqli dam olishi uchun shay holatga keltirildi. Shinam turar joylar, dam olish va ovqatlanish xonalari, qiziqarli adabiyotlar, gazeta va jurnallarga boy kutubxona, cho‘milish havzasi hamda turli sport maydonchalari bolajonlar ixtiyorida. So‘lim tabiat qo‘ynida joylashgan oromgohlarda farzandlarimiz uchun barcha shart-sharoitlar yuqori darajada tashkil etilgan. Bu esa o‘quvchi yoshlarning miriqib dam olishi, salomatligini mustahkamlashi, sport bilan shug‘ullanishi, o‘z qiziqishi, layoqati bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishi uchun yana bir imkoniyat yaratadi. 

7 iyun kuni “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriysida bolajonlar uchun yozgi ta’tilning birinchi navbati boshlandi. 12 iyun kuni esa “Aloviddin”, 14 iyunda “Qibray” hamda 16 iyun kuni esa “Yangi avlod” bolalar oromgohlarida birinchi mavsum boshlandi. 17 iyun kuni “Burchi-mullo”, 18 iyun “Do‘stlik”, 24 iyundan esa “Temiryo‘lchi” oromgohlarida mavsum boshlanadi.

Ta’kidlash lozimki, oromgohlarda SES xodimlari va mas’ul xodimlar tomonidan karantin qoidalari talablari, xavfsizlikni ta’minlash hamda suv havzalarini mavsumga tayyorlashda  bir qator ishlar olib borildi hamda oromgohlarda faoliyat ko‘rsatadigan barcha xodimlarni COVID-19 infeksiyasini aniqlash bo‘yicha (oromgohga kirish davridan bir kun avval) bepul testdan o‘tkazilishini ta’minlash va tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlari nazorat qilinmoqda.

Oromgohlarda kutubxonalar va ma’naviyat-ma’rifat xonalari tashkil etilgan bo‘lib, tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mablag‘lari hisobidan badiiy adabiyotlar va sport anjomlari xarid qilindi. Buning uchun tarmoq kasaba uyushmasi Respublika Kengashi byudjeti hisobidan jami yigirma ikki  million to‘rt yuz ming so‘m mablag‘ ajratildi.

Mavsum davomida O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tasarrufidagi Markaziy kutubxona tomonidan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida o‘tkaziladigan  “Yosh kitobxon” kabi ko‘plab ko‘rik-tanlovlari ham farzandlarimiz o‘rtasida kitobxonlikka qiziqish uyg‘otish, kitob o‘qish ma’daniyatini rivojlantirish, ularning bilimini yanada oshirishiga ko‘mak berishi, shubhasiz. 

Bir so‘z bilan aytganda, oromgohlarda bolalar salomatligi, tozalik-orastalik, ovqatlanish tartibi shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘ladi. Vitaminlarga boy oziq-ovqatlar, quritilgan mevalardan tayyorlangan sharbatlar muntazam berib boriladi. Turli  ma’daniy, ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari esa ularning badiiy-estetik dunyoqarashini oshirish, jismonan va aqlan yetuk bo‘lib kamol topishlariga xizmat qiladi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI