Temiryo‘lchilar tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish loyihalari ko‘zdan kechirildi

2021 yil mamlakatimiz temiryo‘lchilari uchun bunyodkorliklarga boy bo‘lmoqda. Navoiy, Buxoro, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlarida yirik loyihalar asosida qurilish ishlari bajarilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati qurilayotgan mazkur loyihalarning bajarilishini nazorat qilish, qurilish materiallari va zamonaviy texnikalarning o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlash hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirish maqsadida maxsus guruh tuzilib, joylarga yuborilmoqda. Guruhning asosiy vazifasi viloyatlarda olib borilayotgan loyihalarning qay darajada amalga oshirilayotganligini nazorat qilish, qurilish jarayonida vujudga kelayotgan muammolarni hal etishdan iborat bo‘ldi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi v.b. Zafar Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhi dastlab Urganch shahridagi Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida bunyod etilayotgan yer osti avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Loyihaga binoan ikki ko‘chaning kesishmasida qurilayotgan yer osti avtomobil yo‘lining tepa qismida bobomiz Jaloliddin Manguberdining monumenti qad rostlashi ko‘zda tutilgan. Bu esa shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi turgan gap. Z.Maxamatov ushbu loyihani belgilangan reja bo‘yicha, puxta va sifatli, xalqaro talablar asosida bunyod etish zarurligini quruvchilarga tushuntirdi. Qurilishga mas’ul mutaxassislarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.    

Shundan so‘ng keyingi manzil “Shovot – Qorao‘zak” yangi temir yo‘l liniyasi hamda Amudaryo ustidan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigidagi qurilish ishlari tomon yo‘naltirildi.

Ma’lumki, ayni paytda temiryo‘lchilar tomonidan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan 413 metrli yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi hamda Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasi qurilmoqda.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining bosh menejeri – bosh muhandisiga ushbu ob’yektda bajarilayotgan ishlar haqida ham mutaxassislar tomonidan ma’lumot berildi. Z.Maxamatov qurilish jarayonida loyihada belgilangan me’yorlarga qat’iy amal qilishni hamda ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga rioya qilgan holda faoliyat ko‘rsatishini nazoratga olish zarurligini aytib o‘tdi.

Bugungi kungacha loyihada ko‘rsatilgan 80,2  kilometrlik uchastkada rejaga ko‘ra yo‘lsozlar tomonidan umumiy yer ishlari jadal sura’atlarda olib borilmoqda va jami 5 kilometr masofaga relslar yotqizildi. 

20,2 kilometrdan iborat “Shovot – Gurlan” peregonining 2 kilometrdan ortiq joyi ham rels yotqizilishiga tayyorlanib, 1 kilometrdan ortiq joyiga temir yo‘l relslari  o‘rnatildi.

“Ko‘yboqli – Kipchoq” peregoniga ulanuvchi temir yo‘l liniyasi uzunligi 1,49 kilometr bo‘lib, “O‘ztemiryo‘lqurilishmontaj” unitar korxonasi tomonidan jami 192 ming m3 dan ortiq tuproq ishlari bajarildi hamda 1 kilometridan ortiq joyga temir yo‘l izlari yotqizildi. 

“1-sonli Energomontaj poyezdi” unitar korxonasi tomonidan 150 dona temir-beton ustunlar o‘rnatilib, sim tortish ishlari yakunlandi. Qurilish maydoniga jami 156 ta texnika va 382 ta ishchi jalb qilingan.

Ishchi guruhi temiryo‘lchilar tomonidan 2021 yilning yanvar oyida Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan 413 metrli yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi qurilishi bilan ham yaqindan tanishishdi. Hozirda mazkur ko‘prik qurilishi davom ettirilayotgan bo‘lib, u yerda temir ustunlarni qoqish ishlari jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Ishchi guruhi “Navoiy – Buxoro uchastkasida elektrlashtirilgan ikkinchi yuqori tezlikdagi temir yo‘l qurilishi” loyihasini ham ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunga qadar “Navoiy – Buxoro” temir yo‘l uchastkasida jami 1 951,6 ming m3 ko‘tarma tuproq ishlaridan 1183,91 ming m3 amalga oshirildi. Shu kunga qadar  temir yo‘l uchastkasida jami 44 ta sun’iy inshoot qurish ishlari ham batamom yakunlandi. Ayni damda esa 5 ta sun’iy inshoot qurilishi olib borilmoqda. “1-sonli Energomontaj poyezdi” unitar korxonasi tomonidan 10 kV.li elektr ta’minot havo liniyasini  ko‘chirishda temir-beton tayanchlar o‘rnatildi va 50 kilometrida simlar tortildi.

Yangi qurilayotgan temir yo‘l liniyasida 44 kilometrlik ko‘tarma tuproq ishlari tugatilib, 32 kilometridan ortiq joyga qum-shag‘al yotqizildi. “Quyi mozor”  –  “Raz’yezd-40” peregonida 2 kilometrdan ortiq joyiga temir yo‘l relsi yotqizildi. Temir yo‘l  o‘tkazgichlarida esa temir-beton poydevor quyish yumushlari bajarilmoqda. 
“Binokor – Malik” peregonida yuzga yaqin turli texnikalardan foydalanilmoqda.

Shu tariqa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi v.b. Zafar Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhining navbatdagi nazorat ko‘rigi yakuniga yetdi. Unda yaqin yillarda xalqimiz farovonligi, davlatimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan ushbu loyihalarning ayni holati bo‘yicha xulosalar qilinib, qurilish ob’yektlariga qo‘shimcha texnika va qurilish mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi. Mavjud kamchiliklar ham aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘rsatildi.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI