Ishchi guruhining xorazmga navbatdagi tashrifi davom etmoqda
23 iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi Zafar Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhi Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respspublikasida temiryo‘lchilar tomonidan bunyod etilayotgan yangi loyihalarni ko‘zdan kechirish maqsadida jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investisiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida qurilayotgan mazkur loyihalarning “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan bajarilishini nazorat qilish, qurilish materiallari va zamonaviy texnikalarning o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlash hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirish maqsadida maxsus ishchi guruhi joylarda bajarilayotgan loyihalarni o‘rganishmoqda.
Joriy yilning 23 iyun kuni ishchi guruhi navbatdagi safar bilan Toshkentdan Urganchga yo‘l oldi. Bu yaqin bir oy davomida ishchi guruhining ushbu hududlarga uchinchi marotaba tashrifidir. 24 iyun kuni Z.Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Urganch shahridagi Al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasida bunyod etilayotgan yer osti avtomobil yo‘l o‘tkazgichi qurilishi jarayoni bilan yaqindan tanishishdi. Temiryo‘lchilar tomonidan bunyod etilayotgan mazkur loyihaga binoan ikki ko‘chaning kesishmasida qurilayotgan yer osti avtomobil yo‘lining tepa qismida bobomiz Jaloliddin Manguberdining monumenti qad rostlashi ko‘zda tutilgan. Bu esa shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shishi turgan gap. Tashrif davomida ishchi guruhi rahbari Z.Maxamatov ushbu loyihani belgilangan reja bo‘yicha, puxta va sifatli, xalqaro talablar asosida bunyod etish zarurligini quruvchilarga yana bir bor tushuntirdi. Qurilishga mas’ul mutaxassislarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Bugun 25 iyun kuni esa ishchi guruhi “Shovot – Qorao‘zak” yangi temir yo‘l liniyasi hamda Amudaryo ustidan o‘tuvchi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigidagi qurilish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu ob’yektda bo‘ldi.
Ma’lumki, ayni paytda soha xodimlari tomonidan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan 413 metrli yangi temir yo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi hamda Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasi qurilmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining ishchi guruhiga ushbu ob’yektda bajarilayotgan ishlar haqida ham mutaxassislar tomonidan ma’lumot berildi. Qurilish jarayonida loyihada belgilangan me’yorlarga qat’iy amal qilishni hamda ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasiga rioya qilgan holda faoliyat ko‘rsatishini nazoratga olish zarurligi aytib o‘tildi.
Belgilangan loyihaga ko‘ra dastlab umumiy uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temir yo‘l liniyasini qurish hamda ushbu oraliqdagi 2 ta qo‘riqlanadigan va 18 ta qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmasini qurish ko‘zda tutilgan.
Bugungi kungacha loyihada ko‘rsatilgan 80,2 kilometrlik uchastkada rejaga ko‘ra yo‘lsozlar tomonidan umumiy yer ishlari jadal sura’atlarda olib borilmoqda va jami 5 kilometr masofaga relslar yotqizildi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati bosh menejeri – bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi Zafar Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhining qurilish ob’yektlariga tashrifi davom etmoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI