Innovatsion texnologiyalarning joriy etilishi yuk tashish ko‘rsatkichlarining o‘sishiga omil bo‘lmoqda

“Qarshi” stansiyasida 213 nafar ishchi-xodimning “bir yoqadan bosh chiqarib” fidoyilik bilan mehnat qilayotgani bois yuk ortib, tushirish hajmi va ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada o‘sishiga erishilmoqda.

Bu albatta, stansiyada yosh va intellektual salohiyatli kadrlarning ishga qabul qilingani hamda ularning tajribali mutaxassislarga biriktirilgani, shu bilan bir qatorda zamon bilan hamnafas tarzda kompyuter texnologiyalari hamda tadbirkorlarga yaratilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning navbatma-navbat yo‘lga qo‘yilayotgani bilan bo‘liq.

Yuqoridagi fikrlarning isboti o‘laroq, bugungi kunda “Qarshi” stansiyasining barcha xonalari innovasion texnologiyalarga asoslangan, mikroprosessorli markazlashtirilgan tizimga ega zamonaviy kompyuterlar hamda kerakli jihozlar bilan ta’minlanib, ularning barchasi internet tarmog‘iga ulangan. 

Jumladan, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi muhandislari lavozimida mehnat qilayotgan yosh mutaxassislarning mas’uliyatliligi hamda yuklatilgan vazifalarni a’lo darajada bajarayotganligi bois shu kecha-kunduzda ijobiy natijalarga erishilmoqda. Shu bilan birga jamoadagi barcha ishchi-xodimlarning sa’y-harakati samarasi o‘laroq, eksport yuklarining o‘z vaqtida yetib borishiga va import mahsulotlarining stansiya hududida turib qolmasdan, o‘sha vaqtning o‘zidayoq, tadbirkorlarga yetkazilayotgani mijozlar ishonchining tobora ortishiga asos bo‘lmoqda. 

 Ma’lumki, temir yo‘l tizimiga asosiy daromad keltiradigan manbalardan biri bu – stansiyalardan jo‘natiladigan yuk aylanmasi hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining topshirig‘iga asosan, barcha stansiyalarda tadbirkorlarga bundan-da, qulay shart-sharoit yaratish hamda yuklarni o‘z vaqtida ortib, tushirishni sifatli amalga oshirish maqsadida "Qarshi" stansiyasi hududida yuk hovlisi yangidan bunyod etildi. Mazkur ochiq maydonda yuqori hajmdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari qisqa fursat ichida olib borilib, bu yerda asosan katta tonnadagi yuklarni ortib, tushirishga mo‘ljallangan zamonaviy texnika va qurilmalar o‘rnatilishi barobarida shag‘al, sement, ko‘mir, qum kabi qurilish mollarini yuqoridan to‘kishga mo‘ljallangan tepalik ham barpo etildi.

– Mazkur yangidan barpo etilgan yuk hovlisining ishga tushirilishi natijasida mijozlar hamda yuklar ko‘lami yanada kengayib, ortib, tushirish hajmi sezilarli darajada o‘sdi, – deydi “Qarshi” stansiyasi boshlig‘i Ibodullo Arslonov. – Hozirgi kunda ham ijobiy natijalarni qo‘lga kiritishimiz barobarida yuk ortib, tushirish hajmining belgilangan rejaga nisbatan ortig‘i bilan bajarishga erishmoqdamiz. Buning natijasida joriy yilning to‘rt oyi mobaynida temir yo‘l g‘aznasiga 1 milliard 629 million 741 ming so‘m tushirishga erishdik. Bularning barchasi mijozlarga yaratilgan keng ko‘lamli sharoitlar natijasi demakdir. Bundan keyin ham jamoamiz bilan birgalikda yuqori natijalarni qo‘lga kiritish yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilamiz va ko‘zlangan marralar sari odimlaymiz.

Bu qilinayotgan sa’y-harakatlar evaziga stansiyada yuk ortib, tushirish hajmi kun sayin sezilarli darajada o‘sib bormoqda. 

Yurtimizning Qashqadaryo vohasida faoliyat yuritayotgan yirik korxonalardan “Nasafoltingugurtkimyo”, “Bunyodkornur”, “Masterok garant”, “Kesh turist goldsulfur” hamda “Konstruksion end design” kabi ochiq aksiyadorlik jamiyatlari bilan hamkorlikda Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston, Eron davlatlariga bruschatka, oltingugurt, yem-xashak mahsulotlari eksport qilinmoqda.

Shuningdek, Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Eron hamda qo‘shni davlatlardan esa qurilish mollari, avtomobillar, turli xil zamonaviy texnikalar va ularga kerakli bo‘ladigan ehtiyot qismlar kabi import yuklari mamlakatimizga olib kelinmoqda va o‘z vaqtida mijozlarga yetkazilmoqda. Buning natijasida stansiyaga belgilab berilgan reja ortig‘i bilan bajarilishiga erishilmoqda.

Masalan, o‘tgan 2020 yilning 4 oyi davomida 2 ming 310ta vagonda 115 ming 270 tonna yuk ortilgan bo‘lsa, 2021 yilning shu davrida esa 2 ming 312ta vagonda 117 ming 471 tonna yuk belgilangan manzil sari yetkazib berildi. Shuningdek, 2020 yilning 4 oyi davomida 6 ming 122ta vagondan import yuklari tushirilgan bo‘lsa, joriy yilning 4 oyi davomida bu ko‘rsatkich 6 ming 131ta vagonni tashkil etdi.

Yana shuni alohida aytib o‘tish joizki, stansiyada mehnat muhofazasi, texnika va sanoat xavfsizligini ta’minlash hamda yoshlarni sohaga bo‘lgan qiziqishini orttirish va munosib kadrlar tayyorlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Bunda “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi rahbarining tashabbusi bilan stansiya hududida o‘quv mashg‘ulot maydoni va texnik-o‘quv xonasi ham tashkil etilib, barcha kerakli asbob-uskunalar hamda jihozlar bilan ta’minlandi. 

Bu qilinayotgan sa’y-harakatlar natijasida endi ishga qabul qilingan kadrlarga ish o‘rgatilishi barobarida o‘rta bo‘g‘in rahbarlari tomonidan ishchi-xodimlarga texnik-o‘quv mashg‘ulotlari ham muntazam o‘tkazilib borilmoqda. Buning natijasida har bir ishchi-xodim ishga kelgan zahotiyoq, o‘ziga yuklatilgan vazifaga mas’uliyat bilan yondashishi barobarida mijozlarni yuk ortishiga oid hujjatlarini qisqa fursatda rasmiylashtirib berilishi ta’minlanmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI