“Yoshlar kuni” munosabati bilan temiryo‘lchi yoshlarga tabrik
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilov “Yoshlar kuni” munosabati bilan temiryo‘lchi yoshlarga tabrik yo‘lladi.
Assalomu alaykum, aziz temiryo‘lchi yoshlar!Avvalambor sizlarni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati nomidan 30 iyun – “Yoshlar kuni” bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz.
Mamlakatimiz kelajagi, uning rivoji shubhasiz yoshlarga bog‘liq, deb ko‘p bora ta’kidlaymiz. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari aholisining yarmini tashkil qiluvchi O‘zbekiston xalqi demografik jihatdan yosh ekanligi sababli jamiyatimizda “yoshlar siyosati” muhim o‘rin egallaydi. Prezidentimizning yoshlar masalasiga eng dolzarb vazifa sifatida qarashlari ham bejiz emas.
Pandemiya bizga yangicha ishlash tizimiga o‘tishimizni, mavjud muammolarning yechimiga yangicha yondashuv asosida qarashimiz lozimligini ko‘rsatmoqda. So‘nggi yillarda yoshlarning huquqiy madaniyatini yanada o‘stirish, ularni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, hayotida atrofidagi voqeliklarga o‘z mustaqil nuqtai nazari bilan qarash, o‘z taqdirini Vatan taqdiri bilan bog‘liq holda his etish kabi qadriyatlar shakllandi. Buni temir yo‘l transporti tizimida o‘tkazilayotgan tanlovlarda yoshlarning ishtiroki, ularning fikrlari, yondashuvi orqali yaqqol sezish mumkin.
Yosh temiryo‘lchilarning faolligini kuchaytirish, ularni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb sirlarini puxta egallab, xalqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol mutaxassis etib tarbiyalash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning munosib a’zolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning diqqat e’tiborimizda.
Temir yo‘l transporti tarmog‘ini yanada rivojlantirishda, o‘z oldimizga qo‘ygan ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirishda zamonaviy fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, g‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar yosh kadrlarga ehtiyoj sezilmoqda.
Ana shunday kadrlarni aniqlash maqsadida tashkil etilayotgan tanlovlarda tashabbuskor, har bir masalaga yangicha yondashadigan o‘g‘il-qizlarimiz faol ishtirok etayotgani, hech shubhasiz, barchamizni xursand qiladi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida samarali faoliyat yuritayotgan istiqbolli yosh kadrlarni tanlash hamda yetuk rahbar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida mana uch yildan beri “Eng yaxshi yosh temiryo‘lchi”, “Eng faol yosh mutaxassis”, “Eng yaxshi innovasion g‘oyalar”, “Temir yo‘l malikasi”, “Zukko kitobxon” kabi tanlovlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Barchangizga ma’lum, har qanday sohaning rivoji malakali kadrlar va zamonaviy texnologiyalarning amaliyotga joriy qilinishiga bog‘liq. Shu bois, mana bir necha yildan beri o‘tkazib kelinayotgan “Innovasion g‘oyalar” tanlovi g‘oliblari, balki har bir ishtirokchisi tomonidan taqdim etilgan innovasion g‘oyalarni o‘rganib chiqish, ularni amaliyotga joriy qilish uchun kerak bo‘lsa soha mutaxassislari ham jalb qilinib, takomillashtirish vazifasini oldimizga maqsad qilib qo‘ydik. Albatta, bu borada sizlarning yordamingiz, takliflaringiz biz uchun juda muhim.
Ishonaman, bunday tadbirlar yoshlarimiz ilgari surayotgan loyiha va tashabbuslarni yuzaga chiqarishda, ularni el-yurtimiz kelajagi uchun qayg‘uradigan fidoyi rahbar va mutaxassis bo‘lib shakllanishida beqiyos o‘rin tutadi.
Joriy yilda ham “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida 2021 yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlanib, ijroga yo‘naltirildi. 46 banddan iborat dasturda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasb va qiziqishlari doirasida mahoratlarini rivojlantirish, bilim darajasini oshirishni maqsad qilganmiz. Lekin, bizning eng asosiy maqsadimiz temir yo‘l transportida yo‘lovchi va yuk tashishni xavfsiz tashkil etish, soha rivoji yo‘lida yoshlarning imkoniyat hamda salohiyatini ro‘yobga chiqarishdir.
Sizlarni yana bir bor "Yoshlar kuni" bilan tabriklagan holda, barchangizga sihat-salomatlik, g‘ayrat va shijoat tilayman!
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI