Mehnat sharoitlari ustidan monitoring o‘tkazildi
“Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasida tarmoq tasarrufidagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat muhofazasi holati va ishchi-xodimlarga yaratilgan sharoitlar ustidan jamoatchilik nazoratining tashkil etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
Dastlab “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi tashkilotlarda mehnat muhofazasi holati bo‘yicha monitoringni sifatli o‘tkazish maqsadida ishchi guruhi tuzildi.
Ishchi guruhga rahbar qilib, Respublika Kengashi mehnat muhofazasi bo‘limi mudiri J.Valixonov, guruh a’zolariga “Toshkent”, “Buxoro”, “Termiz”, “Qo‘ng‘irot” hamda “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonalarining Hududiy kasaba uyushma qo‘mitalarining mehnat muhofazasi bosh mutaxassislari F.Qayumov, M.Mamadiyev, R.Rejapov, B.Daniyarov va I.Xudoyorovlar tayinlandi va ular tomonidan qo‘mitaga a’zo va Jamiyat tasarrufidagi korxona boshliqlari, bosh muhandislari, mehnatni muhofaza qilish muhandislari va kasaba uyushma qo‘mitasi raislari ishtirokida korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat muhofazasi holati hamda ishchi-xodimlarga yaratilgan mehnat sharoitlari ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etilishi bo‘yicha monitoring o‘tkazildi.
O‘tkazilgan monitoringda “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasiga a’zo 9ta va Jamiyat tasarrufidagi 3ta, jami 12ta korxona qamrab olindi va ishlab chiqilgan savolnoma bo‘yicha korxona, tashkilot va muassasalarning jamoa shartnomalarida mehnat muhofazasi va ish sharoitlarini yaxshilashga oid kiritilgan tadbirlarga, ularga ajratilgan mablag‘ va uni o‘z vaqtida o‘zlashtirilishiga, ishchi-xodimlarning davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tish holatiga, korxonalarda jamoat nazoratini tashkil etilganligiga, mehnat muhofazasi vakillarini saylanganligi va ularning o‘qitilganligiga, xodimlarning maxsus kiyim, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlanganligiga e’tibor qaratildi.
Monitoring o‘tkazgan mutaxassislar tomonidan har bir korxona, tashkilot va muassasalarda 17 banddan iborat monitoring anketasi va 10 banddan iborat maxsus kiyim-bosh, poyabzal va shaxsiy himoya vositalari ta’minotini o‘rganish anketasi to‘ldirildi. Shuningdek, mehnat muhofazasi muhandislari va boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raislariga tegishli tavsiyalar berildi.
Monitoring yakunida esa Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasiga a’zo korxona, tashkilot va muassasalarning bosh muhandislari, mehnatni muhofaza qilish muhandislari, Kasaba uyushma qo‘mitasi raislari va mehnat muhofazasi vakillari ishtirokida guruhlarga bo‘lingan holda “Korxonada ish o‘rinlarini mehnat sharoitlari va asbob-uskunalarning jarohatlash xavfliligi yuzasidan attestasiyadan o‘tkazish tartibi”, “Korxonada uch bosqichli ma’muriy-jamoatchilik nazoratini o‘tkazish tartibi”, “Korxonada oqibati og‘ir yoki o‘lim bilan tugagan va oqibati yengil bo‘lgan baxtsiz hodisa sodir bo‘lganda sizning harakatlaringiz” mavzularida seminar-trening tashkil etildi.
Ushbu mavzularda faol qatnashgan guruh a’zolari Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI