“Toshkent – Chirchiq – Xo‘jakent” uchastkasi tezyurar poyezdlarga moslashtirilmoqda
Ma’lumki, joriy yilning 18-19 mart kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Chirchiq shahriga qilgan tashrifi davomida Toshkent – Chirchiq oralig‘ida transport tizimini yanada rivojlantirish va aholiga qulaylik yaratish masadida temir yo‘l bo‘ylab tezyurar elektropoyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilishini aytib o‘tgan edi.
Davlatimiz rahbari Chirchiq shahrida avtomobil va temir yo‘llarning o‘tkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerakligini ta’kidlab, sohaning mas’ul rahbarlariga topshiriqlar bergan edi. Shundan so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati tomonidan “Salar – Chirchiq – Xo‘jakent” temir yo‘l uchastkasini tezyurar poyezdlarga moslashtirish uchun belgilangan loyiha bo‘yicha 2 bosqichda ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi.Joriy yilning 1 iyul kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati topshirig‘iga binoan Jamiyatning bosh menejeri – bosh muhandisi vazifasini bajaruvchi Z.Maxamatov boshchiligidagi ishchi guruhi a’zolari “Toshkent – Chirchiq – Xo‘jakent” uchastkasidagi ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishib, shu kungacha amalga oshirilgan vazifalarni mutaxassislar ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazdi.
Toshkentdan maxsus poyezdda ko‘rik safariga chiqqan ishchi guruhi a’zolari ta’mirlangan va ta’mirlanayotgan uchastka yo‘llarini, stansiyalar bilan birma-bir tanishib, loyiha doriasida bajarilgan har bir ishni ko‘zdan kechirishdi. Dastlab shaharlararo yo‘nalishda tezyurar harakatni tashkillashtirish bo‘yicha temir yo‘llarni kapital ta’mirlash ishlarining birinchi bosqichi bo‘lgan “Salar – Chirchiq” qismida ta’mirlash ishlarining holati o‘rganildi. Bugungi kunda ushbu temir yo‘l qismining 11 kilometrlik uchastkasida kapital ta’mirlash ishlari jadallik bilan bajarilmoqda. Rejaga ko‘ra ushbu hududda barcha qurilish ishlari joriy yil yakuniga qadar tugatiladi.
Ta’mirlash jarayonida yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida bir nechta qo‘riqlanmaydigan temir yo‘l kesishmalari qo‘riqlanadigan kesishmalar toifasiga o‘tkazildi.
Ushbu yo‘nalishda bajarilayotgan ishlar yuqori samaraga ega maxsus mashinalar va resurslarni tejaydigan texnologiyalardan keng foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Bu esa ta’mirlanayotgan temir yo‘llarning texnik darajasini va ishonchliligini oshiradi hamda yo‘l holatining barqarorligini ta’minlaydi.
Loyihaning ikkinchi bosqichida esa “Chirchiq – Xo‘jakent” uchastkasi qamrab olinadi. Belgilangan loyiha rejasiga ko‘ra ushbu uchastkani ta’mirlash ishlari 2022 yilda boshlanadi. Unda, 17 kilometrlik inventar relslarni uloqsiz relslarga almashtirish rejalashtirilgan. Mutaxassislar ushbu hududda ham bajarilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Ta’kidlash joiz, kapital ta’mirlash loyihasi doirasida inventar relslarni uloqsiz relslarga almashtirish, stansiya va peregonlarida o‘rta ta’mir ishlari, temir yo‘l kesishmalarining qatnov qismlarida esa ko‘tarma ta’mir kabi ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, stansiyalarning asosiy yo‘llaridagi strelkali o‘tkazgichlar va temir-beton bruslar bilan birgalikda almashtirilmoqda. Ko‘priklarda mukammal ta’mirlash ishlarini hamda suv o‘tkazish sun’iy inshootlarini almashtirish ham yaxshi tashkil etilmoqda.
Ishchi guruhi a’zolari ushbu yo‘nalishdagi “Toshkent – Chirchiq” uchastkasidagi barcha ta’mirlash ishlari bilan to‘liq tanishib, ko‘rikdan o‘tkazgach, Z.Maxamatov boshchiligida “Chirchiq” stansiyasida “Toshkent – Chirchiq – Xo‘jakent” uchastkasini tezyurar poyezdlarga moslashtirish uchun olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Kapital qurilish direksiyasi, Yo‘l xo‘jaligi, Elektr ta’minoti, Signallashtirish va aloqa boshqarmalari rahbarlari hamda “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi mas’ullari ishtirok etdi. Tadbirda Z.Maxamatov ushbu loyihani sifatli va mustahkam amalga oshirish, ta’mirlash jarayonida harakatlanayotgan poyezdlarning xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘lsozlarning mehnat muhofazasiga qat’iy amal qilgan holda faoliyat ko‘rsatishini nazoratga olish bo‘yicha mutaxassislarga topshiriq berdi. Boshqarma boshlig‘larining fikr-mulohazalari ham tinglanib, aniqlangan mavjud kamchiliklar tahlil qilindi va ularni bartaraf etish choralari ko‘rsatib berildi.
Axborot-tahliliy media markaz
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI