Noto‘g‘ri talqindagi tarqalayotgan ma’lumotlarga aniqlik kiritish

So‘ngi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent halqa yo‘li yer usti metropolitenida olib borilgan qurilish ishlarida 899 mln. so‘mlik talon-toroj (aslida o‘g‘irlik) holati va buning yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilganligi haqida qator noto‘g‘ri talqindagi xabarlar tarqalib kelmoqda.

Dastavval, ushbu holatga aniqlik kiritish lozim, ya’ni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va uning mutasaddilari tomonidan o‘g‘irlikka aloqasi yo‘qligini alohida qayd etish lozim.

Ma’lumki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tomonidan 2019 yilda Toshkent metropoliteni yer usti halqa yo‘lining birinchi bosqichi bo‘lgan 11 kilometrlik “Do‘stlik-2” – “Qo‘yliq” uchastkasida qurilish ishlari boshlangan edi. Ushbu loyiha qurilishi 2020 yilning mart oyida to‘liq tugatilib, foydalanish uchun topshirilishga tayyor edi. Biroq butun dunyoda keng tarqalgan COVID-19 kasalligining yurtimizga kirib kelishi oqibatida karantin choralari kuchaytirilishi mazkur yo‘nalishning ochilishi noma’lum vaqtga qoldirildi. Qurilishda ishtirok etgan barcha ishchi-xizmatchilar karantin choralari yumshatilgunga qadar o‘zlarini izolyasiya qilishdi. 

2020 yilning 3 iyul kuni, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga qarashli “1-sonli Energomontaj poyezdi” unitar korxonasi xodimlari Toshkent metropolitenining yer usti “Do‘stlik-2” – “Qo‘yliq” uchastkasini ko‘rikdan o‘tkazishganda, moddiy tovar (kabel mahsulotlari)ning o‘z joyida yo‘qligi aniqlangan va ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasining huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ariza shaklida murojaat qilingan (ariza ilova qilinmoqda). 

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra umumiy qiymati 899 131 590 so‘mlik kabel mahsulotlari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlangan. Olib borilgan tergov harakati natijalariga ko‘ra, aybdor shaxslar hamda yo‘qolgan moddiy tovar (180 962 364 so‘mlik) topilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyatchilar o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka tortilgan. Bugungi kunda yetkazilgan 180 962 364 so‘mlik zarar aybdorlardan to‘liq undirilgan. 

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tomonidan tergov va qidiruv ishlari davom etmoqda. 

Hurmatli OAV vakillari va blogerlar! Har qanday ma’lumot birlamchi manbadan olinayotganda, uni to‘g‘ri talqin qilishingizni so‘rab qolamiz! Yuqorida qayd etilgan holat noto‘g‘ri talqin qilinishi salbiy va noo‘rinli yondashuvlarning tarqalishiga sabab bo‘lmoqda! 

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI