
Temiryo‘lchi yoshlar xorijiy universitetlarga imtihon topshirishdi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati 2005 yildan buyon nufuzli xorijiy institut va universitetlar bilan ta’lim sohasida samarali hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy yilda ham ushbu an’ana davom ettirilib, Toshkent temir yo‘l texnikumida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarida tizimga qarashli ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni hamda mehnat qilib kelayotgan bilimga chanqoq yoshlarni tor doiradagi mutaxassislikka tayyorlash uchun xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga yuborish maqsadida kirish imtihonlarining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tashkil etilgan test imtihonlari ikki navbatda joriy etilib, abituriyentlarning oldidagi barcha buyumlari olib qo‘yilib, qat’iy tekshiruvdan o‘tkazilgandan so‘ng karantin qoidalariga amal qilingan holda test topshirish xonalariga kiritildi. Birinchi navbatda 95 nafar abituriyent test topshirdi. Qolgan 88 nafari esa ikkinchi navbatda test sinovlaridan o‘tkazildi. Abituriyentlarning test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan yoki o‘tmaganligi shu kunning o‘zidayoq ma’lum qilinib, ular orasidan bilimlilari saralab olindi.
Joriy yilda N.E.Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti, Rossiya transport universiteti, Milliy tadqiqotlar va texnologiyalar universiteti, Belorussiya davlat transport universiteti, Shimoliy Kavkaz kon-metallurgiya institutiga jami 105 nafar talaba jo‘natilishi ko‘zda tutilib, shundan 90 nafari bakalavriat hamda 15 nafari magistratura yo‘nalishlarida tahsil olishi rejalashtirilgan. Bu talabalarning tahsil olishi umumiy kvotada ko‘rsatilgan bo‘lib, faqat universitet va institutlarga belgilangan kirish ballarini to‘plagan abituriyentlargina mazkur 5ta xorijiy oliy ta’lim dargohida o‘qishi mumkin bo‘ladi.
– Mazkur xorijiy oliygohlarga kirish imtihonlari asosan besh bosqichda amalga oshiriladi, – deydi Toshkent temir yo‘l texnikumi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Jamshid To‘ychiyev. – Ko‘rib turganingizdek, birinchi bosqichda kimyo, fizika, matematika, informatika, rus tili fanlaridan test sinovlari o‘tkazilmoqda. Navbatdagi tashkil etiladigan bosqichda esa og‘zaki imtihon guruhi tuzilgan bo‘lib, har bir abituriyent sinchkovlik bilan rus tilini, terminologiyani hamda tabiiy fanlarni qay darajada bilishi sinovdan o‘tkaziladi. Eng so‘nggi yakunlovchi bosqichda xorijiy oliy ta’lim dargohlaridan mutaxassislar taklif etilib, abituriyentlardan yozma ish olinadi. Yagona davlat imtihonlari o‘tkazib bo‘linganidan so‘ng abituriyentlarning umumiy ballari hisoblab chiqilib, kirgan yoki kirmagani ma’lum qilinadi. Shuningdek, imtihondan o‘tib, talabalik baxtiga muyassar bo‘lganlarni u yerga borib, shartnoma asosida o‘qishi, turar joy hamda stipendiya bilan ta’minlanishi, bir yilda ikki marotaba o‘z ona yurtiga borib-kelishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tashkil etiladi. Bunda asosan tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha yangi kadrlar bazasini yaratish maqsad qilingan.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish joizki, joriy o‘quv yili yakunida mazkur 5ta xorijiy oliy o‘quv yurtlarini 60 nafar bakalavr hamda 20 nafar magistraturani tamomlagan kadrlar kelishi kutilmoqda. Ularning barchasi ish bilan ta’minlanishi ham rejaga kiritilgan.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI