“Temiryo‘lchi” oromgohida bolalar miriqib hordiq chiqarmoqda

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Temiryo‘lchi” bolalar dam olish oromgohi bolalarning sevimli maskanlardan biri hisoblanadi. 

Purviqor tog‘lar, daryoyu soylar, asrlar bilan tillashgan chinorlar va chaman gullar bilan qoplangan go‘zal vodiydagi “Temiryo‘lchi” bolalar dam olish oromgohi Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan. Oromgohning umumiy yer maydoni 5 gektarni tashkil qiladi, 11ta paviloni mavjud bo‘lib, 330ta o‘ringa mo‘ljallangan va ularning 10tasi yangidan ta’mirlanib, 9tasi yangi yumshoq mebellar bilan jihozlangan. Jumladan, oromgohda 200 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, katta va kichik suzish suv havzalari, yozgi kinozal, ma’naviyat-ma’rifat xonasi, kutubxona, mini-futbol va voleybol maydonchalari, bolalar o‘yingohlari va diskoteka mavjud.

Yoz fasli keldi deguncha bolajonlar bu yerga oshiqadi. Ayni paytda oromgoh temiryo‘lchilarning o‘g‘il-qizlari bilan gavjum. Bu yerda bolajonlar miriqib dam olishlari, madaniy va ma’naviy hordiq chiqarishlari, jismonan chiniqishlari uchun barcha sharoit muhayyo etilgan.

Yurtimizning turli go‘shalaridan kelayotgan 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tashkillashtirilgan turli xil to‘garaklar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari bolajonlarning ongini boyitib, dunyoqarashining kengayishiga yordam bermoqda, shuningdek, ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashi barobarida sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirmoqda. 

Bugungi kunda oromgoh rahbariyati bolajonlarning bilim darajasi va dunyoqarashini kengaytirishga alohida e’tibor qaratib, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar”, “Oromgoh go‘zali”, “Sardor yigitlar”, “Quvnoq ekspress”, “Rasmlar tanlovi” hamda “Tozalik kuni”, “Teatr kechasi”, “Millatlar kuni”, “Harbiylar kuni” kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlari va “Yosh kitobxon”, “Raqs”, “Rassomchilik”, “Futbol”, “Shaxmat”, “Ingliz tili” to‘garaklari tashkil etildi. 

Oromgohdagi zamonaviy kutubxona esa bu yil 800 dan ortiq turli badiiy va bolalar adabiyotlari bilan boyitildi. 
– Joriy yilning yoz fasli davomida “Temiryo‘lchi” bolalar oromgohi 3 navbatda faoliyat yuritishi rejalashtirilgan, – deydi “Temiryo‘lchi” bolalar dam olish oromgohi boshlig‘i Alisher Hasanov. – Birinchi navbatda jami 225 nafar bolalar sog‘lomlashtirildi. Ikkinchi navbatida esa 250 nafargacha bolalar sog‘lomlashtirilmoqda.

Bolalar dam olish oromgohi oshxonasida barcha o‘g‘il-qizlar uchun yetarlicha qulayliklar va shart-sharoitlar yaratilgan. Mazkur oshxonada bolajonlarga to‘rt mahal issiq va tansiq taomlar o‘z vaqtida tortiq qilinmoqda. Ayni paytda “Temiryo‘lchi” bolalar dam olish oromgohidagi o‘g‘il-qizlar o‘zlarining iqtidorini namoyish qilishlari uchun amfiteatr, jismoniy rivojlanishlari uchun esa mini-futbol, basketbol, voleybol va gimnastika maydonlari, tennis stollari, turli arg‘imchoqlar, katta va kichik suv havzalari tashkil etilib, ular ixtiyoriga topshirilgan. Oromgoh tarbiyachi va yetakchilari tomonidan tadbirlar reja asosida namunali tashkil etilib kelinmoqda.

Oromgohda karantin qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda bolajonlardan 72 soat ichida yuqumli kasalliklar bo‘yicha tahlil xulosalari olinib, so‘ng sog‘lomligi to‘g‘risida yo‘llanma asosida u yerga borishga ruxsat etilmoqda. Shuningdek, yotoqxonalarda, oshxona va amfiteatrlarda ijtimoiy masofa saqlangan holda karantin qoidalariga rioya qilinmoqda.

“Temiryo‘lchi” bolalar dam olish oromgohi bolajonlarni o‘z bag‘riga chorlashda davom etmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI