Toshkentda “UzXCMG” qo‘shma korxonasining texnikalarga servis xizmat ko‘rsatish va sotuv markazi ochildi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda Xitoyning “XCMG” korporasiyasi o‘rtasida imzolangan o‘zaro kelushuvga ko‘ra joriy yilning 13 iyul kuni Toshkent shahrining Yangihayot tumanida “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasining texnikalarga servis xizmat ko‘rsatish va sotuv markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi bo‘lgan “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan korxonasi 2014 yil may oyida Xorazm viloyatining Urganch shahrida tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda “UzXCMG” korxonasining ustav fondi 5million AQSH dollari bo‘lib, uning 51 foizi Xitoyning “Xuzhou Construction Machinery Group Co., Ltd” korporasiyasiga, 49 foizi esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli. Korxonaning asosiy faoliyati “UzXCMG” maxsulot belgisi ostida barcha turdagi gidravlik ekskavator va buldozerlar hamda turli vazifalarga mo‘ljallangan qurilish texnikalarini ishlab chiqarish va ularga xizmat ko‘rsatishdan iborat. 

Korxona tashkil etilganidan buyon o‘tgan 7 yil davomida umumiy hisobda bu yerda 1700 donaga yaqin har-xil turdagi meliorativ, qurilish va yo‘l qurilish hamda maxsus texnikalar ishlab chiqarilib, respublikamizning barcha hududlaridagi talabgorlarga yetkazib berilgan.

Temiryo‘lchilar kasb bayrami yaqinlashib qolgan kunlarda, katta tantana va  bayramona tarzda ochilgan ushbu tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi X.Xasilov, boshqarma boshliqlari, mutaxassislar, “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasi rahbarlari hamda Xitoyning “XCMG” korporasiyasi vise prezidenti Lyu Izyansen ishtirok etdi. Mehmonlar dastlab Urganch shahrida ishlab chiqarilgan yangi turdagi ekskovatorlar, gidravlik texnikalar bilan yaqindan tanishishdi. X.Xasilov va Lyu Szyansenga “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasi bosh direktori Alibek Ishchanov O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ushbu og‘ir texnikalarning imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Zamonaviy texnikalarga bugun mamlakatimiz qurilish sohasida, qishloq ho‘jaligi tizimida talab kundan kunga ortib borayotganini aytib o‘tdi. Eng muhimi bugungi kunda og‘ir texnikalarning asosiy ehtiyot qismlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ishlab chiqarilayotgani uning tannarxini yanada arzonroq bo‘lishini ta’minlab, xorij mablag‘larini tejab qolishga erishilayotganini ham ta’kidladi. 

Shundan so‘ng mehmonlarga ekskavatorlar harakatlanishi, ishlash qulayliklari va imkoniyatlari ko‘rsatildi. Mehmonlar ushbu hududdagi servis markazi bilan ham tanishishdi. Bu yerda og‘ir texnikalar joriy va kapital ta’mirlanadi. Mehmonlarga texnikalarni ta’mirlashda yaratilgan sharoitlar, ularni ehtiyot qismlari ko‘rsatib o‘tildi. Tadbir ishtirokchilari ushbu markazni rasmiy ochish uchun tayyorlangan maxsus lenta oldiga kelishdi. X.Xasilov va Lyu Szyansen O‘zbekistonda birinchi bor “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasining Toshkentdagi servis  xizmat ko‘rsatish va sotuv markazi ochilish marosimining rasmiy qismini lentalarni kesib ochib berishdi. So‘ng ushbu markazning bosh binosi, bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. Ishchi-xodimlar bilan suhbatlashishdi.

Muzokaralar xonasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
 
O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma korxonasi bo‘lgan “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan korxonasi faoliyat ko‘rsatayotganiga 7 yil bo‘ldi, – deydi  Xitoyning “XCMG” korporasiyasi vise prezidenti Lyu Szyansen. – Bugun esa poytaxt Toshkentda ushbu korxonaning yirik markazi ham tashkil etildi. Buning uchun avvalo, O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Chunki ishonchli hamkorlik natijasida qo‘shma korxonamiz yildan yilga rivojlanib bormoqda. Hukumat tomonidan ham o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlanyapti. Yurtingizda korxonamizni rivojlantirish va sarmoya kiritish uchun qulay sharoitlar mavjud. Yangi tashkil etilgan markazni barpo etishda shahardan alohida yer ajratib berildi. 

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda respublikaning ko‘plab hududlarida, ayniqsa, Toshkent shahridagi barcha qurilish va qishloq xo‘jaligi tizimida, vazirlik va yirik tashkilotlarda ushbu korxonada ishlab chiqarilgan texnikalardan foydalanilmoqda. Bu esa mazkur texnikalarga sifatli xizmat ko‘rsatish talabi ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Shu maqsadda poytaxtda mazkur yangi markazni ochishga katta ehtiyoj sezildi.

– Bugun “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasining Toshkent shahrida birinchi servis xizmat ko‘rsatish va sotuv markazi ochildi, – deydi  “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining Sanoat faoliyatini tashkil etish va nazorati boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Kaxxarov. – 2014 yilda tashkil etilgan “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan qo‘shma korxonasida shu kungacha 1700 dan ortiq texnikalar o‘z egalariga sotilgan. Bugun esa ularga servis xizmat ko‘rsatish zarur. Toshkent shahridagi vazirliklar, ishlab chiqarish korxonalari tasarrufida bo‘lgan texnikalarga ushbu markazda servis xizmatlari ko‘rsatiladi. Shuningdek, Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Farg‘ona viloyatlaridagi texnikalarga ham bu faoliyat ko‘rsatayotgan mutaxassislar xizmat ko‘rsatishadi. Qulaylik shundan iboratki, avvallari poytaxtdagi ta’mirga muhtoj texnikani ta’mirlash uchun Urganch shahridagi korxonadan mutaxassislar guruhi Toshkentga yuborilib, texnika ta’mirlangan edi. Bunga esa bir necha kun vaqt sarf bo‘lardi. Xizmat ko‘rsatish harajatlari ham qisman oshib ketardi. Bugun esa bir kun ichida texnikalar ta’mirlab beriladi. Vaqt ham ketmaydi, ortiqcha harajat ham tejaladi. 

Yana bir yanglilik: bu yerda turli hildagi ekskavatorlarni ta’mirlash, balki ularni shu yerning o‘zida rasmiylashtirib, sotib olish imkoniyatlari ham yaratilgan. Shu bilan birga mazkur texnikalarning turli hildagi ehtiyot qismlarini ham xarid qilish mumkin. 

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra kelgusida bu kabi servis markazlarini Navoiy va Andijon viloyatlarida ham tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari xitoylik mutaxassisilar tomonidan “UzXCMG” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonasi xodimlarini texnikalarga servis xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitish va o‘rgatish ishlari amalga oshirilib, tegishli sertifikatlar olingan. Kelgusida Urganchdagi asosiy korxonani yanada rivojlantirib, texnikalarga zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarni shu yerda ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI