“Termiz” vokzalida yo‘lovchilar uchun zamonaviy servis xizmatlari

“Shahar darvozasi” deb ataluvchi ko‘rkam, shinam va chiroyli vokzallarimiz yangidan barpo etilib, borlarining esa qayta rekonstruksiya qilingani tufayli ularning barchasi zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan mamlakatimiz aholisi, shuningdek, xorijdan tashrif buyuruvchi turistlarga ham birdek zamon talablari asosida servis xizmati ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash, vokzallarga kirib-chiqishni soddalashtirish, yo‘lovchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida tinimsiz sa’y-harakatlar olib borilayotgani ham bejiz emas.

Jumladan, bugungi kunda mutasaddi rahbarlar tomonidan vokzal hududlarida tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga vokzalarga kelayotgan yo‘lovchilarning xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda kirib-chiqishini ta’minlash, shuningdek, u yerda umumiy ovqatlanish joylarini tashkil etish, chakana savdo hamda xizmat ko‘rsatish faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish va zamonaviy texnik nazorat vositalari bilan to‘liq ta’minlash choralari ham navbat asosida amalga oshirib kelinmoqda.

Buning isboti o‘laroq, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Surxondaryo filialining “Termiz” vokzali ham qaytadan rekonstruksiya qilinishi natijasida yo‘lovchilarga barcha qulayliklar yaratildi. Jumladan, vokzalning yo‘lovchilar kutish zalida yuqori darajada servis xizmati ko‘rsatish xonasi, xorijlik sayyohlar va viloyat mehmonlari uchun axborot burchagi hamda harakatlar jadvali tablosi, ona va bola xonasi, namozxona, tahoratxona, yuk saqlash xonasi, Wi-Fi tizimi ham birdek yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga nogironlik aravachalari xarid qilinib, ularga alohida maxsus xonalar ajratildi. Hozirgi kunda mazkur filialda 182 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritmoqda.

“Termiz” vokzalining chiptaxona binosida esa mijozlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatuvchi “Komfort zal” faoliyati yangidan ishga tushirilib, yo‘lovchilarga qahva, choy, salqin ichimliklar tortiq etilmoqda. Shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida vokzalning ichki va tashqari hududlarida kuzatuv kameralari o‘rnatilib, kechayu kunduz nazoratdan o‘tkazib borilmoqda.
 
Vokzalda yo‘lovchilarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun Tibbiyot markazlari faoliyati ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ayni damda respublikamiz bo‘ylab karantin talablari davom etayotgan bir mahalda tibbiyot xodimlari tomonidan vokzal hududiga kiruvchi yo‘lovchilarning tana harorati o‘lchangandan so‘ng kirishga ruxsat etilmoqda. Shu bilan birga mahalliy yo‘nalishlardan foydalanuvchi yo‘lovchilarga bir martalik tibbiy niqob tarqatilib, ular antiseptik vositalari yordamida dizenfeksiya qilinmoqda. 

– Hozirgi kunda “Termiz” vokzalidan mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha 080-sonli “Termiz – Toshkent – Termiz”, 398-sonli “Termiz – Andijon – Termiz” poyezdlari qatnamoqda, – deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati Surxondaryo filiali “Termiz” vokzali boshlig‘i Jaloliddin Fayziyev. – Shuningdek, joriy yil boshidan yo‘lovchilarga samarali xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash va ichki turizmni rivojlantirish maqsadida “Termiz – Xiva – Termiz” hamda “Termiz – Surxonobod  – Termiz”,“Termiz – Darband – Termiz” shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha poyezdlar qatnovi yangidan yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga “Termiz – Sariosiyo – Termiz” yo‘lovchi poyezdlar qatnovining har kuni yo‘lga qo‘yilgani esa viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qilmoqda. Buning natijasida joriy yilning 4 oyi davomida 235 ming nafardan ortiq yo‘lovchi o‘z manzillariga xavfsiz va bexavotir yetkazilib, ularga kerakli barcha qulayliklar yaratib berildi. 

Axborot-tahliliy media markazi

0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI