"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ xotin-qizlar maslahat kengashi ishchi guruhining navbatdagi xizmat safari

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi ishchi guruhi joriy yilning iyun oyiga rejalashtirilgan xizmat safarining oxirgi manzili Buxoro “Mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi bo‘ldi. Safar davomida ishchi guruhi mehnat qilayotgan temiryo‘lchi xotin-qizlar bilan uchrashib, ularning hayot tarzi va muammolarini o‘rganishdi. Uchrashuvda 65 nafardan ortiq xotin-qizlar ishtirok etdi, ularning muammo, savol va takliflari tinglandi va zarur maslahat va yo‘nalishlar berildi. Buxoro lokomotiv deposi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi Saidova X. o‘zi mehnat qilayotgan tashkilotda xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlarni mamnuniyat bilan so‘zlab berdi. 

Buxoro vagon deposi mas’ul xodimi Sulaymonova N. esa O‘zbekiston Qizil yarim oy jamiyati temir yo‘l mintaqaviy tashkiloti tomonidan korxona mehnat qilgan xodimga nogironlik aravasi berilganligidan minnatdorligini bildirdi. Shuningdek, korxona rahbariyati tomonidan korxonada ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimlarga doimo e’tibor qaratilishini, uy-joyi ta’mir talablarining uylarini korxona tomonidan ta’mirlab berilganligi to‘g‘risida so‘zlab berdi. Qorovulbozor stansiyasi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi Abdullayeva G. stansiyada mehnat qilayotgan xotin-qizlar orasida o‘z kasbini sidqidildan bajarishi bilan birga tadbirkorlik (yarim tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlaydi) bilan shug‘ullanayotgan Ne’matova V. to‘g‘risida yig‘ilganlarga gapirib berdi. 

“Buxoro mintaqaviy temir uzeli unitar korxonasida mehnat qilayotgan xotin-qizlar orasida “Ayollar daftari”ga 4 nafar xodim kiritilgan. Ular asosan boquvchisini yo‘qotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar bo‘lib, birining farzandi 2-guruh nogironi. 

Navoiy viloyatining Navoiy lokomotiv deposida mehnat qilayotgan xotin-qizlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda 45 nafar temiryo‘lchi ayollar ishtirok etdi. Ulardan 4tasi “Ayollar daftari”ga va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar ro‘yxatiga kiritilgan. Yolg‘iz onalar farzandlarini ota o‘rnida ota, ona o‘rnida ona bo‘lib farzandlariga tarbiya berib kelmoqda. 

Ishchi guruhi Samarqand viloyatining Samarqand temir yo‘l vokzalida joylashgan madaniyat saroyida Samarqand shahrida joylashgan elektrota’minot, aloqa va ishora stansiyasi, Samarqand vagon ta’mir deposi, temir yo‘l shifoxonasi va vokzalda mehnat qilayotgan 50 nafardan ortiq temiryo‘lchi xotin-qizlar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, korxona va tashkilotlarda xotin-qizlarga yaratilgan shart-sharoitlar va ko‘rsatilayotgan e’tibor bilan tanishib chiqdi.

Raximova S. PCh-8 (8-vagon xo‘jaligi) brigadiri xotin-qizlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun “Lokomotiv” MJSKda tashkil etilgan to‘garaklarning narxlari qimmatligi, shuningdek, temir yo‘l poliklinikasida flyuorografiya apparatining yo‘qligi, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida zamonaviy flyuorografiya apparatini sotib olish, Qambarova N. esa o‘zi ishlaydigan  mehmonxonada SES to‘lovini bekor qilish takliflarini bildirishdi. Shundan so‘ng, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ikkita temiryo‘lchi ayollar (birining turmush o‘rtog‘i, ikkinchisining esa farzandi bolalikdan nogiron bo‘lganligi sababli ijtimoiy himoyaga muhtoj) bilan suhbat o‘tkazildi.  

Bundan tashqari, ishchi guruh har bir bildirilgan taklif, har bir “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilaning sharoiti, ularga ijtimoiy himoya ko‘rsatish imkoniyatlarini atroflicha o‘rganib chiqishmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI