“Afrosiyob”ning yangi harakat tarkibi Toshkentga yetkazildi

Joriy yil iyul oyi boshida Ispaniyaning "Patentes Talgo S.L.U." kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Afrosiyob”ning yangi poyezdi Ispaniyaning Bilbao shahridan Toshkentga jo‘natildi.

Dastlab, yangi poyezd maxsus yuk kemada 4000 km masofani bosib o‘tib, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga yetkazildi. U yerda harakat tarkibining barcha vagon va lokomotivlari yig‘ilib, yaxlit holatga keltirilganidan so‘ng, 20 iyul kuni temir yo‘l orqali O‘zbekistonga jo‘natildi. Rossiya Federatsiyasi va Qozog‘iston Respublikasi hududlaridan yana 4200 km masofani bosib o‘tib, nihoyat 24 iyul kuni kechki payt Toshkentga yetkazildi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu rusumdagi poyezd O‘zbekistonda beshinchi bo‘lib hisoblanmoqda. Joriy yil yakuniga qadar yana bitta shu turdagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd keltiriladi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi rivojlangan yuqori tezlikdagi temir yo‘l infratuzilmasiga ega bo‘lgan 20 dunyo mamlakatlari ro‘yxatidan o‘rin olgan bo‘lib, dunyoning yuqori tezlikdagi poyezdlari reytingi (Global High-Speed Train Ranking)ga kiritilgan Markaziy Osiyoning yagona mamlakati hisoblanadi.

Keltirilgan yangi poyezdning rasmiy taqdimot marosimi shu kunlarda, karantin cheklovlarining barcha meʼyor va qoidalarini inobatga olgan holda amalga oshiriladi. Rasmiy axborot manbalarimizni kuzatib boring.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI