
O‘zbekiston temir yo‘llarining yurtimiz Mustaqilligining 30 yili davomidagi faoliyati
Bu yil O‘zbekiston temiryo‘lchilari kasb bayramini mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi oldidan nishonlashmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kunini nishonlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkaniga ham 4 yil bo‘libdi.
Bu vaqt davomida soha xodimlari avgust oyining birinchi yakshanbasini beshinchi bor kasb bayrami sifatida nishonlashmoqda. Shu o‘rinda mustaqillik yillarining o‘tgan 30 yili davomida temir yo‘l sohasida amalga oshirilgan yangi loyihalar, bunyodkorlik ishlarini yana bir bor eslab o‘tsak.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz iqtisodiy va siyosiy farovonligini, shahar va viloyatlarimiz taraqqiyotini, qolaversa xalqimiz turmush darajasi yuksalishini temir yo‘llar faoliyatisiz, bu soha xodimlarining zalvorli mehnatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. O‘tgan yillar davomida temir yo‘llarimiz haqiqatdan ham mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiriga aylandi.
1991-2021 yillar. O‘tgan 30 yil mobaynida O‘zbekiston temir yo‘llari uchun tarixiy davr bo‘ldi.
Bugun ushbu sanaga oz vaqt qolgan bir paytda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati shonli davr mobaynida katta yutuqlarga erishdi.
Yurtimizning sharqiy qismini g‘arbiy va shimoliy hududi bilan bog‘lash maqsadida sahro bag‘rida yangi yo‘llarni qurishda birinchi yirik loyiha Navoiy – Uchquduq – Sulton-Uvaystog‘ – Nukus yo‘nalishi bunyod etildi.
Amudaryo uzra temir yo‘l va avtomobil o‘tishiga mo‘ljallangan qo‘shma ko‘prik qurildi. Natijada mamlakatimizning sharqiy qismi bilan g‘arbiy va shimoliy hududimiz bo‘lgan Xorazm viloyati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi temir yo‘l bilan to‘liq bog‘landi. Ikkinchi katta qurilish 2007 yilda janubiy viloyatlarimizni boshqa hududlar bilan bog‘lash maqsadida tog‘lar oralab o‘ta murakkab bo‘lgan “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” temir yo‘l liniyasi yo‘nalishida yangi po‘lat izlar qurildi. “Asr qurilishi” nomini olgan mazkur yirik loyiha yurtimizning janubiy hududlarini boshqa viloyatlar bilan bog‘lash imkonini berdi.
Qolaversa, ushbu bunyodkorliklar yuk va yo‘lovchi tashish salohiyatini bir necha barobarga oshirib, tranzit imkoniyatlarini kengaytirdi. 2013 yil iyul oyida esa Angren – Pop temir yo‘l qurilishi boshlandi. Baland tog‘lar orasida boshlangan bunyodkorlik ishlari kechayu kunduz, qishning sovuq, qorli kunlarida ham to‘xtovsiz davom ettirildi. Natijada bor-yo‘g‘i 3 yilda, temiryo‘lchilarimiz misli ko‘rilmagan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirdi. Mahobatli ko‘priklar qurildi, osmono‘par tog‘lar tekislanib, po‘lat izlar bir-biriga tutashtirildi, tog‘lar orasida zamonaviy stansiyalar, ko‘rkam vokzallar barpo etildi. Tunni tongga, tongni tunga ulab qilingan mardonavor mehnat, fidoyilik, sa’y-harakatlar tufayli uzunligi 123,1 kilometr bo‘lgan Angren – Pop temir yo‘li va 19,2 kilometrlik o‘ta murakkab Qamchiq tunneli muddatidan oldin – 32 oyda qurib bitkazildi. Angrendan Andijon shahrigacha bo‘lgan yo‘nalish to‘liq elektrlashtirildi.
2016 yilda foydalanishga topshirilgan Angren – Pop yo‘nalishi mamlakatimiz temir yo‘llari yaxlitligini to‘liq ta’minladi, yagona temir yo‘l tizimi yaratildi. 2017-2018 yillar davomida esa Buxoro – Miskin, Urganch – Xiva yo‘nalishlarida ham yangi po‘lat izlar qurildi. Ayni paytda esa ushbu yo‘nalishni elektrlashtirish uchun so‘nggi loyiha ishlari bajarilmoqda.
O‘tgan 30 yil davomida mamlakatimiz temir yo‘llarida 3000 kilometrga yaqin yo‘llar yangitdan qurilib qayta tiklandi, 3000 kilometrdan ortiq temir yo‘llar elektrlashtirildi. Natijada bugungi kunda O‘zbekiston temir yo‘llarining umumiy uzunligi 7 yarim ming kilometrdan oshdi.
Sohada isloh qilinishi lozim bo‘lgan asosiy yo‘nalishlardan biri yuk va yo‘lovchi vagonlarini yangilash, lokomotiv parkini tubdan rivojlantirish edi.
Bu yo‘nalishda ham olib borilgan samarali choralar sabab, o‘tgan qisqa vaqt davomida temir yo‘llarimizda Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federasiyasidan zamonaviy teplovoz va elektrovozlar sotib olindi.
Yo‘lovchilarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida xalqaro talablarga mos 30ga yaqin yangi vokzal qurilib, yana shuncha vokzallarimiz qayta ta’mirlandi va foydalanishga topshirildi. Markaziy Osiyo davlatlari orasida yagona bo‘lgan yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” elektropoyezdi dastlab Toshkent – Samarqand yo‘nalishida harakatlanishi uchun yangi yo‘llar qurildi, mavjudlari esa qayta ta’mirlandi. Ispaniyadan keltirilgan ushbu zamonaviy poyezdlar keyinchalik Toshkent – Qarshi – Shahrisabz hamda Toshkent – Buxoro yo‘nalishlarida ham harakati yo‘lga qo‘yildi.
Mustaqillik yillarida yuk va yo‘lovchi vagonlarini o‘zimizda mahalliylashtirish dasturi asosida bunyod etishga katta e’tibor qaratildi. “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi va uning tarkibidagi “Andijon mexanika zavodi”, “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonalari to‘liq modernizasiya qilingach, yangi zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlandi. Natijada bu korxonalarda mamlakatimiz temir yo‘llari uchun juda muhim bo‘lgan ko‘p turdagi yuk, sisterna vagonlari ishlab chiqarilib, kapital ta’mirlash yo‘lga qo‘yildi. 2001 yilda tashkil etilgan “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yo‘lovchi vagonlarini ta’mirlash va yangilarini qurish yo‘lga qo‘yildi. Bu bilan temir yo‘llarimizda o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuk va yo‘lovchi vagonlari harakatlanishiga asos solindi. Import o‘rnini bosgan ushbu vagonlar sabab har yili millionlab xorij valyutalari tejab qolinishiga erishildi. Bugun ushbu korxonalar nafaqat mamlakatimiz uchun, balki qo‘shni davlatlarga ham sifatli va zamonaviy yuk hamda yo‘lovchi vagonlarini eksport qilishmoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimida yuqori malakali mutaxassislar bor, zamonaviy og‘ir texnikalar mavjud. O‘tgan yillar davomida og‘ir sanoatda qurilish ishlari uchun zarur qo‘shimcha zamonaviy texnikalar sotib olinmoqda. Bu esa ularga nafaqat soha taraqqiyoti uchun, balki respublikamizning boshqa yo‘nalishlarida ham samarali bunyodkorliklarni ishonchli va sifatli amalga oshirish imkonini beradi. Shu bois so‘nggi yillarda hukumatimiz tomonidan og‘ir sanoatda mas’uliyatli qurilish ishlari, shaharsozlik bo‘yicha bunyod etilayotgan katta loyihalar O‘zbekiston temir yo‘llariga ishonib topshirilmoqda. Tarmoq tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti” unitar korxonasi mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari xalqimiz e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Poytaxt va hududlarda barpo etilayotgan zamonaviy va mahobatli ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar kabi inshootlar nafaqat aholiga qulaylik, balki yurtimiz chiroyiga chiroy, ko‘rkiga ko‘rk bag‘ishlamoqda.
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati va “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga qo‘shib berilgach, sohada bunyodkorlik ishlari yanada ortdi, mas’uliyatli vazifalar zalvori ko‘paydi. Ushbu yo‘nalishlar taraqqiyoti, barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida zamonaviy texnikalar sotib olindi. Ishchi xodimlarning ijtimoiy faoliyatiga katta e’tibor qaratildi, maoshlari oshirib berildi. Yurtdoshlarimiz temiryo‘lchilar tomonidan barpo etilayotgan Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan yer usti halqa metro liniyasi, xalqaro aeroport, ko‘rkam istirohat bog‘lari, yirik ishlab chiqarish korxonalari va zamonaviy turar joy qurilishlarini ko‘rib, soha xodimlarining bunyodkorlik, yaratuvchanlik fazilatlariga yuqori baho bermoqda.
Ayni kunlarda 90 mingdan ortiq temiryo‘lchilar mehnat qilayotgan sohada ijtimoiy yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar havas qilgudek. Eng muhimi, temiryo‘lchilar oylik maoshi yildan-yilga oshib bormoqda, ko‘plab imtiyozlar joriy etilyapti. Shuningdek, eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan shifoxonalar, poliklinika va sihatgohlar, qolaversa sport majmualari soha xodimlariga xizmat qilmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, bugun mustaqilligining 30 yilligini nishonlayotgan mamlakatimizda temir yo‘llar jamoasi tomonidan o‘tgan davrda sohada buyuk va asosiy bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Endigi navbat xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirib, qo‘shni davlatlarda, xorijiy yurtlarda sohamiz jonkuyarlari bor bilim va salohiyatlarini ishga solib, yirik loyihalar ijrosi bo‘yicha bunyodkorlik ishlarini olib borishlari zarur.
Albatta, yillar ham o‘tar, asrlar ham o‘tib ketar, biroq temiryo‘lchi quruvchilarimiz bunyod etgan bu yo‘llardan kelajak avlod vakillari foydalanganda ota-bobolarining zalvorli va mashaqqatli mehnatini bir eslab, tasanno aytishi shubhasiz. 30 yillik qisqa tarix davomida asrlar davomida xalqimizga, kelajak vorislarimizga xizmat qiladigan buyuk qurilishlarni amalga oshirish bugungi soha xodimlari taqdiriga bitilgani rost bo‘lsin.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI