Fuqarolar murojaatlari qisqa muddatda ko‘rib chiqilmoqda

Yangi O‘zbekistonda fuqarolar murojaatlariga e’tibor qaratish, bo‘layotgan bu murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarish, aholini qiynayotgan mavjud masalani imkoni boricha yechimini topgan holda bajarish eng muhim masaladir. Shu bois “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushayotgan yozma va og‘zaki murojaatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasidan, Bosh vazir virtual qabulxonasidan kelib tushayotgan murojaatlar kundan kunga ortib bormoqda. Shu bilan birga, ushbu murojaatlarning ijrosi ham o‘z vaqtida ta’minlanmoqda. 

Jumladan: joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga jami 1 ming 693ta yozma, og‘zaki va elektron murojaatlar kelib tushgan. Bularning 1 ming 117tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual va xalq qabulxonalaridan, 471tasi yozma va 105tasi esa og‘zaki murojaatlardan iborat. Shulardan yo‘lovchi tashish masalalari bo‘yicha 124ta, yuk tashish bo‘yicha 53ta, yo‘l xo‘jaligi bo‘yicha 89ta,  ishga joylashish va qayta tiklash masalalari bo‘yicha esa 746ta murojaat bo‘lgan. Noqonuniy xatti-harakatlar to‘g‘risida 80ta,  o‘qish masalalari bo‘yicha 23ta, oylik maosh va nafaqa pullari masalalari yuzasidan 86ta, uy-joy masalalari bo‘yicha 34ta, moddiy yordam masalalari bo‘yicha 40ta, ijtimoiy va sog‘likni saqlash masalalari bo‘yicha 33ta, metropoliten masalalari bo‘yicha 73ta, ko‘mir masalalari bo‘yicha 2ta, minnatdorchilik masalalari 11ta va turli masalalarda 299ta murojaatlar kelib tushgan. 

Murojaatlarning barchasi nazoratga olinib, bevosita Jamiyat rahbariyati tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda o‘rnatilgan muddatlarda javoblar berilgan. Xususan, fuqarolardan tushgan murojaatlarning 266tasiga chora ko‘rildi, 1 ming 309tasiga tushuntish va yo‘nalish berildi. 13tasiga qonun doirasida rad javobi berildi va 25tasi ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda. 

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati fuqarolar murojaatlari bilan ishlashda yangicha tizimda ham ish olib bormoqda. Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati va tizim tasarrufidagi korxona va tashkilot, muassasalarning rahbar xodimlari tomonidan sayyor qabullar muntazam tashkil etilib kelinmoqda. O‘tgan davr mobaynida Jamiyat rahbariyati va rahbar xodimlar tomonidan 25 marta sayyor qabul tashkil etilib, ularda murojaat etgan fuqarolarning masalalari joyida hal etilgan, kerakli ma’lumotlar berilgan va to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatilgan. 

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning eng yirik tarmoqlaridan biri bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining har bir bo‘g‘ini, ayniqsa, yo‘lovchi va yuk tashish tizimi, ish bilan ta’minlash masalasi bilan bog‘liq masalalar shu yurtda yashayotgan minglab, millionlab fuqarolarimiz hayoti va faoliyati bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois bu tarmoqqa yuridik va jismoniy fuqarolardan murojaatlar, shikoyatlar yil sayin ko‘paysa ko‘payadiki, aslo kamaymaydi. Bu esa tarmoq rahbariyatini fuqarolar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida yanada mas’uliyat bilan ishlashini hayotning o‘zi taqozo etadi. Quvonarlisi, bu borada bugun Jamiyat va uning hududiy bo‘g‘inlarida fuqarolar murojaatlari nafaqat yozma ravishda, balki elektron va onlayn tarzda ham qabul qilinmoqdaki, bu ham yurtdoshlarimizning vaqtini tejab, qo‘shimcha qulaylik yaratayotgan bo‘lsa, ham arizalarning yanada qisqa muddatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlamoqda.

Axborot-tahliliy media markazi


0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI