Temiryo‘lchilar yangi xonadonlariga ko‘chib o‘tishdi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati soha taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan temiryo‘lchilarni ijtimoiy yo‘nalishda rag‘batlantirib keladi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 sentyabrdagi 1081-sonli farmoni hamda Toshkent shahar hokimining 2017 yil 26 sentyabrdagi 1312-sonli qarori asosida Yashnobod tumani Maxtumquli ko‘chasidagi tashlandiq hududda 4 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan edi. 2019 yilda ushbu uylar kurilishi to‘liq tugatilib imtiyozli to‘lov asosida 156 nafar temiryo‘lchiga topshirilgandi.

Mustaqilligining 30 yilligi arafasida temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan sohada faoliyat ko‘rsatayotgan temiryo‘lchilar poytaxtimiz markazida qurilgan ko‘p qavatli yangi uylariga ko‘chib o‘tishdi.

– Men Toshkent shahrining Chilonzor tumanida o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan va 60-70 yillik eski, nurab qolgan 39 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 2 xonali uyda turmush o‘rtog‘im va 4 nafar farzandim bilan istiqomat qilar edim, – deydi “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyatining “Mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish” filiali boshlig‘i Suhrob Davletov. – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bunyod etilgan yangi ko‘p qavatli uydan 130 kvadrat metrdan iborat bo‘lgan 3 xonali xonadonni 2019 yilda imtiyozli to‘lov asosida oylik maoshimdan 15 yil mobaynida to‘lab borish sharti bilan olgan edim. O‘tgan vaqt davomida ushbu xonadonda ta’mirlash ishlarini qilib, yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida hamda temiryo‘lchilar kasb bayram kuni munosabati bilan yangi xonadonga oilam bilan ko‘chib o‘tdik. Shahar markazida bunyod etilgan yangi uyimiz farzandlarimiz uchun ham, o‘zimiz uchun ham har tomonlama qulay bo‘ldi. Xonalar katta, yorug‘, zamonaviy isitish tizimi bilan jihozlangan. Zamonaviy liftlar o‘rnatilgan. Uyimiz atrofi obodonlashtirilib, kashtan, pavloniya daraxtlari ekilgan. 2-3 yilda bu daraxtlar katta bo‘lib, hududni yanada ko‘rkam va soya salqin joyga aylantiradi. Bu yerda dam olish soyabonlari, bolalar uchun o‘yingohlar, mini-futbol maydoni mavjud.

Yangi uylarning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, mahalla faollari, yangi uylar egalari, yoshlar va mehmonlar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan bunyod etilgan yangi uylarning bosh loyihasi “Toshtemiryo‘lloyiha” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra 20 240,1 kv.m hududda 4 ta 7 qavatli 3 yo‘lakdan iborat uylar qad rostladi. Ya’ni 19 ta 2 xonali (88,6 m2), 118 ta 3 xonali (130 m2) hamda 19 ta 4 xonali (169,3 m2) uylar. Xonadonlar keng va yorug‘ bo‘lib, barcha kommunikasiya tizimlari bilan ta’minlangan. Shu bilan birga barcha yo‘laklar zamonaviy lift bilan jihozlangan.

Xonadonlarning isitish tizimini o‘rnatishda so‘nggi rusumdagi texnologiyalardan foydalanildi.

Yangi uylar muhandislar tomonidan zamonaviy me’moriy uslubda – yozda salqin, qishda issiq bo‘lishi nazarda tutilib qurilgan. Shuningdek, atrof ko‘kalamzorlashtirilgan, imoratlar orasida 2ta bolalar maydonchasi, 4ta dam olish soyaboni hamda mini-futbol maydoni qurilgan. Mashinalar turargohi ham barpo etilgan. Uylarning birinchi qavatidan savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari o‘rin oladi.

Bugun bu uylarga ko‘chib o‘tgan temiryo‘lchilar o‘z hayotidan, kasbidan mamnun, taqdiridan rozi. Uyli bo‘lgan yurtdoshlarimiz “bu imtiyozlar hayotimizda tub burilish yasadi”, deya e’tirof etmoqda.

Axborot-tahliliy media markazi



0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI