
Yo‘lovchi tashish tizimini takomillashtirish
“Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati so‘nggi yillarda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish borasida boshqa transport turlari bilan sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘ygan holda qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Bugungi kunda nafaqat yurtimiz fuqarolariga, balki xorijdan tashrif buyuruvchi sayyohlarga ham yanada qulaylik yaratish va ichki hamda tashqi turizmni rivojlantirish maqsadida hududlarda yangi yo‘nalishlar bo‘yicha qatnovlar joriy etilganini alohida qayd etish o‘rinli.
Bungungi kunda, Termiz – Xiva – Termiz, Andijon – Nukus – Andijon, Toshkent – Namangan – Andijon, Qo‘ng‘irot – Xiva, Termiz – Darband, shuningdek, Andijon – Xiva – Andijon, Toshkent – Termiz – Toshkent, Toshkent – Olot – Toshkent, Toshkent – Shovot – Toshkent yo‘nalishlarida poyezdlar qatnovi amalga oshirilmoqdi.
Bu yaratilgan imkoniyatlar, o‘z navbatida, yurtdoshlarimiz hamda mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mehmonlarimizga diyorimizning muqaddas qadamjolari, tarixiy shaharlariga sayohat qilish imkoniyatini yaratmoqda.
– Temir yo‘l transportidan foydalanayotgan yo‘lovchilarga yaratilgan qulayliklardan yana biri bu raqamlashtirish jarayoni bo‘lib, chiptalarni rasmiylashtirishda elektron tizim ishlab chiqildi va hayotga tatbiq etildi, – deydi “Oʻztemiryoʻlyoʻlovchi” aksiyadorlik jamiyatining Marketing va servis xizmatlari direktori Sunnat Hamidov. – Buni bevosita ta’rif etadigan bo‘lsak, o‘tgan yildan shu kunga qadar bir qancha elektron imkoniyatlar yaratilib, yo‘lovchilarni vokzal chiptaxonalariga kelib sarson bo‘lmasligi uchun elektron yo‘l chiptalarini sotib olish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, bundan ikki yil muqaddam yo‘lovchilarga mobil telefonlar orqali elektron yo‘l hujjati sotib olish imkoniyatlari yaratilgandi, ya’ni mobil ilovalardan iOS va Android tizimi samarali yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, o‘tgan yilning boshida yo‘lovchilar temir yo‘l chiptaxonalariga bormasdan, veb-sayt yoki mobil ilova orqali ham yo‘l hujjatlarini qaytarish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga korporativ kartaga xarid qilingan elektron chiptalarni rasmiylashtirish paytida elektron hisob-faktura avtomatik tarzda STIR ko‘rsatilgan tashkilotga yuborish imkoniyatlari yaratildi. Shundan so‘ng “Hamkorbank” va “PayMe” xizmati tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlari yo‘lga qo‘yildi.
Shuning asnosida "Click" tizimi orqali to‘lovlarni amalga oshirish, yuridik shaxslar uchun esa korporativ bank plastik kartasi orqali to‘lovlarni o‘tkazish xizmati ishlab chiqildi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan "Stripe" (VISA, Mastercard) tizimi orqali ham to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati samarali amalga oshirila boshlandi.
Yo‘lovchilar Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali ro‘yxatdan o‘tib, elektron yo‘l hujjatlarini sotib olishlari uchun qo‘shimcha qulayliklar ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etildi. Hozirgi kunda elektron tarzda xarid qilingan barcha yo‘nalishlardagi yo‘l chiptalarini A-4 formatdagi qog‘ozga chop etib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri poyezdga chiqish imkoniyati mavjud.
Shuningdek, elektron chipta xarid qilgan yo‘lovchilarning vokzalga kirishi va poyezdga chiqishida ortiqcha vaqt yo‘qotmasliklarini ta’minlash maqsadida birinchi bosqichda “Toshkent Markaziy” vokzalining birlamchi nazorat punkti va Toshkent – Samarqand yo‘nalishidagi “Afrosiyob” poyezdi styuardessalari chiptalarni nazorat qilishlari uchun maxsus zamonaviy uskunalar bilan ta’minlandi. Keyingi bosqichda barcha temir yo‘l vokzallari hamda yo‘lovchi poyezdlarining vagon kuzatuvchilari ana shunday zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2021-2023 yillarda yo‘lovchi tashish sohasini rivojlantirish maqsadida ham ko‘pgina ko‘zga ko‘rinarli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, transport xizmatlariga oshib borayotgan talabni qondirish, transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yo‘nalishlarni kengaytirish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Afrosiyob” elektropoyezdlariga chiptalar tanqisligini bartaraf etish maqsadida 2021 yilning sentyabr oyidan yana ikkita yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezd yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati 2020-2022 yillarda temir yo‘l transporti infratuzilmasini yanada takomillashtirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, aholini temir yo‘l transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 15ta elektropoyezd va 5ta dizel poyezdi xarid qilinib, shaharlararo yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI