
“Uchquduq” yo‘lsozlari faoliyatidan
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi tasarrufidagi “Uchquduq” temir yo‘l masofasi jamoasi Qizilqum sahrosi bag‘ridan o‘tayotgan poyezdlarning xavfsiz harakatlanishini nazorat qiladi.
Korxonaning olti yuzga yaqin yo‘lsozlari 465,3 kilometrlik “Navoiy – Uchquduq-2 – Buzoubay” yo‘nalishidagi liniyalarda ta’mirlash ishlarini olib borishadi. Yozning issiq kunlariga qaramay, jamoa a’zolari po‘lat izlarni bir maromda saqlash, yo‘llarni tozalash ishlarini o‘z vaqtida bajarishadi. O‘tgan yillar davomida uchquduqlik yo‘lsozlar tarmoqning turli hududlarida olib borilgan qurilish ishlarida faol ishtirok etishdi.
Xususan, “Toshkent – Samarqand”, “Samarqand – Buxoro” yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdi harakatini tashkillashtirish loyihasi bo‘yicha amalga oshirilgan ish jarayonlarida, “Angren – Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘l qurilishi hamda “Buxoro – Miskin” temir yo‘l uchastkasi qurilishlarida faol ishtirok etishdi. “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli “Qarshi” – “Gʻuzor” stansiyalari oralig‘ida temir yo‘l atrofini temir panjaralar bilan o‘rash ishlarida, Toshkent shahridagi “Lokomotiv”, “Navro‘z” istirohat bog‘lari qurilishida amaliy yordam hamda jonbozlik ko‘rsatishdi. 2019-2020 yillarda Toshkent metropolitenining yer osti va yer usti qurilishlarida ham uchquduqlik yo‘lsozlar mehnat qilishdi. 2020 yil yurtimizda pandemiya davrida tabiiy ofat tufayli Qorako‘l va Olot tumanlari aholisiga yetkazilgan zararlarni bartaraf qilishda ham o‘z yordamlarini ayashmadi.
Joriy yil korxona yo‘lsozlari uchun mas’uliyatli topshiriqlarga boy bo‘lmoqda. Dastlab jamoa tasarrufidagi uchastka yo‘llarini o‘z vaqtida ta’mirlab, muntazam ko‘rikdan o‘tkazish vazifasini ishonchli bajarishmoqda. Shuningdek, “Navoiy – Qiziltepa – “Buxoro-1” stansiyalari oralig‘ida bir yo‘lli temir yo‘l izining ikkinchi yo‘li hamda Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo‘lining 2-bosqichi bo‘lgan Qo‘yliq – Qipchoq yo‘nalishi qurilishlarida ham faoliyat ko‘rsatishmoqda. Qolaversa, “Navoiy” – “Uchkuduk-2” stansiyasi oralig‘idagi 305 va 306-raz’yezdlarda 2ta yangi 18 o‘rinli yotoqxona qurildi. Barcha sharoitlarga ega ko‘rkam yotoqxonaning foydalanishga topshirish marosimi uchquduqlik yo‘lsozlarning qilgan mehnatini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
Ta’kidlash lozimki, “Uchquduq” temir yo‘l masofasi korxonasi Qizilqum sahrosi bag‘rida – qishi o‘ta sovuq, yoz kunlari esa haddan tashqari issiq, iqlimi noqulay hududda joylashgan. Ayniqsa, kuchli shamol esganda po‘lat izlarni qum va tuproq yopib qo‘yishi mumkin. Korxona jamoasi ana shunday noqulay sharoitlarda ham tabiat injiqliklarini mardonavor yengib o‘tib, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida namunali ishlashmoqda.
– Qizilqum bag‘ridagi po‘lat izlarni ta’mirlash hamda poyezdlarning xavfsiz harakatlanishi uchun barqaror saqlash oson emas, – deydi korxona rahbari Habib Rahmatov. – Yaydoq cho‘l bo‘ylab tizilgan relslarni muntazam ta’mirlab turmasangiz, yozda, qishda qum, ham qor bosib qoladi. Shu bois, yo‘lsozlarimiz qishning qahratonida ham, yozning jaziramasida ham birdek shijoat bilan mehnat qilishadi. Ularning matonati evaziga mazkur temir yo‘l liniyalarida bir kecha-kunduzda yuzlab yo‘lovchi va yuk vagonlari xavfsiz harakatlanmoqda.
“Uchquduq-2” stansiyasida idora ishchi xodimlarining ovqatlanishi uchun oshxona, yuvinish va dam olish xonalari tashkil etilgan. Xodimlarning ishdan tashqari vaqtini foydali o‘tkazish, ularning sog‘liqlarini yaxshilash maqsadida voleybol, futbol maydonchalari tashkil etildi, kerakli anjomlar bilan jihozlangan sport zali bunyod bo‘ldi.
E’tiborlisi, bugun “Uchquduq” temir yo‘l masofasida mehnat qilayotgan xodimlarning ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, korxona rahbariyati kadrlar malakasini oshirish, yosh mutaxassislarni tajribali yo‘lsozlarga biriktirgan holda “Ustoz-shogird” an’anasini davom ettirishga katta ahamiyat berishmoqda. Jamoaning ko‘p yillik malakali temiryo‘lchilari Bosh hisobchi Sh.Nazarov, Xodimlar bo‘limi boshlig‘i J.Usarov, Mehnatni muhofaza qilish muhandisi I.Ro‘ziyev, Kasaba uyushma qo‘mitasi raisi L.Turdiyev, qurilish ustasi N.Tuxtashev hamda qurilish ishchilari U.Abdullayev, A.Rahmatov hamda F.Jumayev yoshlarga kasb sirlarini puxta o‘rgatib kelishyapti. Toshkent metropolitenining yer usti halqa yo‘li 2-bosqichida korxonaning eng faol ishchi-xodimlaridan F.Xo‘janazarov, A.Namozov, T.Xo‘jayev, E.Nurmatov, T.Ergashev kabi yo‘lsozlar ham korxonaninig rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI