Temiryo‘lchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni topshirildi
Yangi O‘zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik bayrami munosabati bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 23 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash to‘g‘risida” Farmoniga asosan davlatimizning ko‘plab fuqarolari taqdirlandi.
Ular orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va korxonalarida faoliyat ko‘rsatayotgan temiryo‘lchilarning ham borligi shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan har birimizda faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston temir yo‘llari tizimida 87400 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Istiqlol yillarida davlatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini ta’minlash hamda shahar va qishloqlarimizda olib borilgan buyuk qurilishlarda temiryo‘lchilar ham munosib hissa qo‘shishdi. Mustaqillik bayrami munosabati bilan esa ularning 73 nafari davlatimiz rahbari farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi binosida mukofot egalariga esdalik nishoni tantanali tarzda topshirildi. Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” asiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov, boshqaruv raisi o‘rinbosarlari, boshqarma boshliqlari korxona mutaxassislari va yosh temiryo‘lchilar ishtirok etishdi. Tadbirda X.Xasilov so‘zga chiqdi va mamlakatimiz temir yo‘l transportida o‘tgan 30 yil davomida buyuk ishlar qilingani, davlatimiz iqtisodiyoti taraqqiyoti yo‘lida ko‘plab bunyodkorliklar bajarilganini aytib o‘tdi.
– Prezidentimiz farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlangan soha xodimlarini shaxsan o‘zim va respublika hukumati nomidan muborakbod etaman, – dedi X.Xasilov. – Ushbu mukofotlarni xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz bayrami, ya’ni O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida topshirayotganimiz ham o‘ziga xos ahamiyat va e’tiborga loyiqdir. Vatanimiz mustaqillikka erishgan tarixiy qisqa yillarda sohamizda ulkan ishlar bajarilgani bugungi tantana ishtirokchilariga ham yaxshi ma’lum va siz, aziz temiryo‘lchilarning ushbu ishlarda bevosita qatnashib kelayotganingiz har birimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Ushbu erishilgan yutuqlarga misol qilib, yildan-yilga yo‘lovchi va xalq xo‘jaligi yuklarining oshirib bajarilishi, poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash, Amudaryo uzra qurilgan ko‘prik, “Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus”, “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” hamda “Angren – Pop” va “Urganch – Xiva” yangi temir yo‘l uchastkalarining qurilishi, amaldagi temir yo‘llarning esa elektrlashtirilishini aytish mumkin. Qolaversa, Markaziy Osiyoda ilk bor og‘ir mashinasozlik va quyuv metallurgiya sanoatining asoslari yaratildi. Toshkent metropoliteni liniyalarining qurib bitkazilgani va keyingi bosqichlarda qurilish loyihalari davom etayotgani, yangi va zamonaviy metro poyezdlarining olib kelingani ham sohamiz mutaxassislari erishayotgan yutuqlar desak yanglishmaymiz. Qadrli kasbdoshlar, hurmatli temiryo‘lchilar fursatdan foydalanib barchangizni davlatimiz mustaqilligining 30 yillik bayrami bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklab, sizlarga va oila a’zolaringizga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, oilaviy baxt va ishlaringizda bundan-da katta yutuqlarga erishishingizni tilayman. Ro‘zg‘oringiz hamisha barakali, turmushingiz farovon bo‘lsin. Mustaqillik muborak bo‘lsin, azizlar!
Shundan so‘ng boshqaruv raisi mukofot sohiblarining har biriga “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonini tantanali tarzda topshirdi. Tadbirda esdalik nishoni sohiblarining bir guruhi so‘zga chiqib, o‘z dil izxorlarini ifoda etishdi.
Axborot-tahliliy mediia markazi
Faylni yuklab olish
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI