Darband temir yo‘l masofasi korxonasining faoliyatidan

Surxon zaminida “Asr qurilishi”, deya eʼtirof etilgan “Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on” yangi temir yo‘l liniyasi qurilganidan so‘ng tashkil etilgan Darband temir yo‘l masofasi korxonasining jamoasi ushbu hududdagi temir yo‘llarning sozligini nazorat qilish barobarida taʼmirtalab relslarni va strelkali o‘tkazgich hamda bruslarni yangisiga almashtirishdek mashaqqatli ishlarni bajarishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Bugungi kunda mazkur korxonada 551 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Korxona jamoasi tomonidan 191,8 kilometrli asosiy hamda 14 ta stansiyada joylashgan 69,5 kilometr yonbosh yo‘llar, shuningdek, 219 komplekt strelkali o‘tkazgichlar, 471 metr metall va 2 ming 46 metr temir-beton ko‘priklar, 16 ming 340 metr temir-beton va 1 ming 15 metr metall trubalar, 40 ta temir yo‘l kesishmasi, 86 metrli qo‘riqlanadigan yo‘llar, 390 metrli dyukerlar, 179 ming 430 metrli oqova suv oqadigan kyuvet va kanavalarni o‘z vaqtida joriy taʼmirlab, yuk va yo‘lovchi poyezdlar harakatini taʼminlanishida munosib hissa qo‘shishmoqda.

– Joriy yilning 9 oyi mobaynida 6 kilometr ko‘tarma hamda 6 kilometr o‘rta taʼmirlash ishlari, 6 komplekt strelkali o‘tkazgichlarni va 3 komplekt strelkali bruslarini almashtirish, shuningdek, sunʼiy inshootlarni sifatli taʼmirlashga erishildi, – deydi korxona rahbari Komiljon Normamatov. – Bu ishlarni bajarishda joriy taʼmirlash bo‘yicha boshliq o‘rinbosari Chori Irmuminov, korxona bosh muhandisi O‘ktam Abdulxaitov, 1-bo‘linma katta yo‘l ustasi Sherzod Musurmonov, yo‘l ustasi Mansur Haydarov, Mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonna yo‘l ustasi Abror Pardayevlarning xizmati benihoya katta bo‘ldi. Ular o‘z jamoasi bilan “bir tanu - bir jon” bo‘lib, nafaqat temir yo‘llarning uzaytirilishiga, balki po‘lat izlarning mustahkamligiga ham kamarbasta bo‘lishmoqda.

Korxona yo‘lsozlarining mehnatini muhofaza qilish hamda ular xavfsizligini taʼminlash maqsadida joriy yil boshidan  shu kunga qadar barcha ishchi-xodimlarga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 262 dona qishki issiq saqlaydigan kiyim-bosh, 166 ta qishki kostyum-shim, 480 ta yozgi kostyum-shim, 60 dona yomg‘ir o‘tkazmaydigan plashlar, 297 juft oyoq kiyim, 140 juft rezina etik, 607 dona signal jiletlari, 2 ming 425 dona maxsus ish qo‘lqoplari  yetkazib berildi.

Darband temir yo‘l masofasi korxonasiga qarashli “Oqnazar” va “Denov” stansiyalari hududida mehnat qilib kelayotgan yo‘lsozlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida esa zamonaviy yotoqxona, o‘quv zali yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur qurilgan bino va inshootlarning ishga tushirilishi bilan ishchi-xodimlarga barcha qulayliklar yaratilib, ularning yashashi va dam olishlari uchun ham kerakli barcha sharoitlar yaxshilandi. Avvalo, bu ishlarning o‘z vaqtida bajarilishida korxonaga qarashli Jovli Ashiraliyev boshchiligidagi qurilish brigadasi ishchi-xodimlarining mehnati katta bo‘ldi. Ayni damda Darband temir yo‘l masofasi hududida qurilayotgan obyektlar uchun zamonaviy oyna profillarini ishlab chiqarish korxonasi ham samarali yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mahsulotlarni sifatli ishlab chiqarishda qurilish brigadasi ishchisi Chori Xoliyorovning xizmati beqiyosdir.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, po‘lat izlarda yo‘lsozlarning tunu kun olib borayotgan mashaqqatli mehnatlari evaziga nafaqat temir yo‘l tarmog‘i, balki yurtimiz farovonlik sari yuz tutmoqda.

                                                                                                                                                               Axborot-tahliliy media markazi
0
0

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.

BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI