Markaziy kasaba uyushma kutubxonasi 70 yoshda
O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tasarrufidagi Markaziy kasaba uyushma kutubxonasida mazkur kutubxona tashkil etilganining 70 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi mutaxassislari, “Sihatgoh” sanatoriy- profilaktoriy rahbari T.Matibayev, Markaziy kasaba uyushma kutubxonasining hududlardagi filiallari rahbarlari hamda kitob ixlosmandlari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Markaziy kasaba uyushma kutubxonasining 70 yillik faoliyati davomida erishilgan yutuqlar va kitobxonlarga ko‘rsatilgan xizmatlar haqida so‘zlab berishdi.
Mazkur kutubxona 70 yildan buyon odamlarga, ayniqsa, temiryo‘lchilarga kitob mutolaasi uchun xizmat qilib kelmoqda. Kutubxona 1951 yilda O‘rta Osiyo temir yo‘lining Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida tashkil etilgan. Kutubxona shtatida 8 kishi mehnat qilgan. O‘sha paytda kutubxona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari temir yo‘l ishchilari va ularning oilalariga xizmat ko‘rsatish edi. Kitobxonlarning asosiy qismini “Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasi hamda tizimga qarashli tashkilotlarning ishchilari va xizmatchilari tashkil etardi. O‘sha kezlarda ham kutubxonada adabiy kechalar, O‘zbekiston yozuvchilari va shoirlari bilan uchrashuvlar, turli mavzularda maʼruzalar o‘tkazilgan.
Tadbirda “Eng yaxshi kutubxona” tanlovi tashkil etilib, g‘oliblar hakamlar yordamida aniqlandi. Unga ko‘ra, 1-o‘rinni “Termiz” stansiyasi kutubxonasi, 2-o‘rinni “Qarshi” stansiyasi kutubxonasi hamda 3-o‘rinni “Qo‘ng‘irot” sanatoriy-profilaktoriy kutubxonasi egalladi.
G‘olib va ishtirokchilar O‘zbekiston temiryo‘lchilari va transport quruvchilari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI