Temiryo‘lchi shifokorlar kasb bayramini munosib nishonlashmoqda
Maʼlumki, yurtimizda har yili noyabrning ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlarining kasb bayrami sifatida nishonlanadi.
Eʼtiborlisi, yurtimizdagi temir yo‘l tizimidagi tibbiy xizmatning tashkil etilishi tarixi 1899 yilga borib taqaladi. Shuning uchun ham ushbu sana temiryo‘lchi shifokorlari uchun ham qadrli hisoblanadi. Alohida tahsinga sazovor tibbiyotchilarimiz ham ushbu kunlarda samimiy tabriklarni qabul qilishmoqda.
Temir yo‘l tizimidagi tibbiyot muassasalarida samarali va soha xodimlari salomatligi yo‘lida fidoyi mehnat qilayotgan, temir yo‘l xavfsizligida tibbiy yordam ko‘rsatib kelayotgan temiryo‘lchi tibbiyot xodimlarining kasb bayramini ko‘tarinki ruhda, munosib kutib olish va bayramni tantanali nishonlash maqsadida Temiryo‘lchilar madaniyat saroyida “Tibbiyot xodimlari kasb bayrami” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.
Bayram tadbirida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, Jamiyatning tarkibiy tashkilot rahbarlari, faxriy temiryo‘lchilar, sog‘liqni saqlash xizmati tasarrufida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar.
Bayram tadbirida dastlab “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi V.B. X.Xasilov so‘zga chiqib temir yo‘l tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha tibbiyot xodimlarini tabrikladi.
Xususan, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida ham aholi va soha xodimlarining sog‘lig‘ini saqlash, tizimda tibbiy xizmatni yuqori darajaga ko‘tarish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilayotganiga to‘xtalib, ayni kunlarda Sog‘liqni saqlash xizmati tarkibida 15 ta davolash profilaktika muassasasi, 9 ta sanitariya-epidemiologiya stansiyalari va temir yo‘l o‘latga qarshi stansiyalari, 4 ta shifokorlik ambulatoriyasi, 75 ta tibbiy punkt mavjudligiga alohida qayd etdi. Shuningdek, Jamiyat tasarrufidagi tibbiyot muassasalarida ayni kunlarda 4 ming 500ga yaqin xodimlar faoliyat yuritayotgani va ular temiryo‘lchilar hamda aholi sog‘lig‘ini saqlash va tiklashda fidoyilik bilan mehnat qilayotganlarini eʼtirof etdi. Bugungi kunda 573 nafar shifokor, 2 ming 200 nafar o‘rta tibbiy xodim, 900 nafar kichik tibbiy xodim, 800 nafar yordamchi xo‘jalik xodim mavjudligini qayd etdi.
Salomatligimiz posbonlari faoliyatidan ko‘p iliq va samimiy gaplar tinglandi. Ayniqsa, 2019 yildan buyon butun insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan o‘tkazib kelayotgan bir vaqtda tibbiyot xodimlarimizning o‘rni naqadar muhim ekanligini barcha tushungani haqida ham to‘xtalib o‘tildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan tezkor va tizimli choralar natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi. Yurtimizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.
Shu o‘rinda karantin davrida o‘ta xatarli vaziyatda o‘zini ayamasdan mardona mehnat qilgan jonkuyar shifokorlar orasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati Sog‘liqni saqlash xizmati tibbiyot xodimlarini ham borligini alohida eʼtirof etish o‘rinlidir.
Tadbir doirasida “Eng yaxshi tibbiyot xodimi” tanlovida g‘olib bo‘lgan shifokorlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Sahnada iqtidorli tibbiyot xodimlari kuy-qo‘shiq va raqslari bilan ishtirok etdilar. Shuningdek, tadbir doirasida “Zakovat” ko‘rik tanlovi ham tashkil etildi. Unda hududlardagi temiryo‘l kasalxona va poliklinikalarida faoliyat ko‘rsatayotgan intellektual salohiyatli, iqtidorli va izlanuvchan, tashabbuskor va yetakchi tibbiyot xodimlari ishtirok etishdi. Ko‘rik tanlov davomida ular nafaqat qo‘li yengil shifokor, balki izlanuvchan, intiluvchan, chuqur bilim olishga, ilm-fan sirlarini egallashga harakat qilayotganliklarini isbotladilar.
G‘olib va sovrindorlarga rahbariyat nomidan esdalik sovg‘alari topshirildi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI