Bayram tabrigi
O‘z hayotini inson salomatligini asrashdek g‘oyat mas’uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan Siz, azizlarni kasb bayramingiz – “Tibbiyot xodimlari kuni” bilan chin qalbimizdan samimiy tabriklaymiz!
Aziz tibbiyot xodimlari!
Sizlar eng ulug‘, eng sharafli kasb egalari sifatida chuqur hurmat va e’zozga loyiqsizlar. Ayniqsa, butun dunyoda hukm surayotgan hozirgi murakkab pandemiya sharoitida amalga oshirayotgan mashaqqatli mehnatingiz yuksak tahsinga sazovor. Bugun nafaqat temiryo‘lchilar, balki ko‘plab yurtdoshlarimiz Sizlarning fidokorona xizmatlaringiz tufayli salomatliklarini tiklayotgani, ayni haqiqatdir. Temir yo‘l tibbiyot muassasalaridagi xizmat ko‘rsatishning yuqori darajaga ko‘tarilishida har biringizning munosib hissangiz bor.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rahbariyati sohamizning sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirish, temiryo‘lchilarning salomatligini asrash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish va tibbiy moddiy-texnik bazani mustahkamlash kabi muhim vazifalarga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bundan keyin ham bu masalalar eng muhim va dolzarb vazifa sifatida diqqat markazimizda bo‘ladi.
Qadrli tibbiyot xodimlari, hurmatli shifokorlar!
Bugungi kunda sizlarni, hech shubhasiz, davrimizning chinakam qahramonlari, deyishga haqlimiz. Sizlarning mashaqqatli va olijanob mehnatingiz har qanday maqtov va rag‘batga munosib! Bemorlarni nafaqat dori-darmon, balki shirin so‘z, qaynoq mehr bilan darddan forig‘ etishga, malham bo‘lishga shoshilgan sizdek jonkuyar insonlarni har qancha sharaflasak arziydi.
Sizlarni qutlug‘ kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilaymiz! Hamisha sog‘-omon bo‘ling, qo‘lingiz dard ko‘rmasin!
X.XASILOV,
“O‘zbekiston temir yo‘llari”
aksiyadorlik jamiyati
boshqaruv raisi v.b.
Q.SABIROV,
O‘zbekiston temiryo‘lchilari
va transport quruvchilari
kasaba uyushmasi
Respublika Kengashi raisi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI