
Urganch shahrida yer osti avtomobil yo‘li ochildi
Maʼlumki, joriy yil yanvar oyida Urganch shahridagi birinchi yer osti avtomobil yo‘lining qurilishi boshlanganligi haqida maʼlumot bergandik. 2021 yil 15 dekabr kuni shaharning qoq markazida bunyod etilgan mazkur obyekt foydalanishga topshirildi. Yangi inshootning tunneli uzunligi 500 metr, kengligi 17 metrni tashkil etib, loyiha bo‘yicha soatiga 3200 ta avtomobilni o‘tkazish quvvatiga ega.
Taʼkidlash kerak, bunday yer osti avtomobil yo‘li Respublikamiz viloyatlar kesimida ilk bor Xorazmda bunyod etildi. Mazkur yo‘l o‘tkazgichni barpo qilishda bosh pudratchi tashkilot "Ko‘prikqurilish tresti" UKning «14-Ko‘prikqurilish» otryadiga qarashli 140 ta maxsus texnika hamda 1 800 nafardan ziyod malakali injenerlar, quruvchi va ustalar fidoyilik bilan mehnat qildilar.
Maʼlumki, al-Xorazmiy va Islom Karimov ko‘chalari shahardagi eng tirband yo‘llardan bo‘lib, al-Xorazmiy ko‘chasida sutkasiga o‘rtacha 18 ming, Islom Karimov ko‘chasida 14 ming dona transport vositalari harakatlanadi. Yer osti yo‘li qurilishi natijasida ushbu chorrahadagi tirbandlik bartaraf etildi, yo‘l-transport hodisalarining oldi olinib, piyodalarning xavfsiz harakatlanishi taʼminlandi.
Shuningdek, mazkur tunnel orqali har kuni shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlarida qatnaydigan 200 dan ortiq avtobus va mikroavtobuslar harakatlanadi, ushbu jamoat transportlarida o‘rtacha 30 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.
Yer osti yo‘li qurilishi bilan birga Qirg‘izyop kanalining shu hududdan oqib o‘tuvchi qismi yangidan betonlashtirildi, zamonaviy panjaralar o‘rnatilib, obodonlashtirish ishlari bajarildi. Bir so‘z bilan aytganda mazkur inshoot Yangi yil bayrami oldidan xalqimizga munosib tuhfa bo‘ldi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI