O‘zbekiston – Qirg‘iziston: Ikki tomonlama hamkorlik eksport va tranzit imkoniyatlarini yanada yaxshilashga xizmat qiladi
Joriy yil 14 dekabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi v.b. X.Xasilov boshchiligidagi boshqarma boshliqlari, tarmoq korxonalari rahbarlari poytaxtimizga tashrif buyurgan “Qirg‘iz temir yo‘li” milliy kompaniyasining bosh direktori A.Sakiyev boshchiligidagi delegasiya a’zolari bilan “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida uchrashuv o‘tkazishdi.
Unda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududida temir yo‘l tizimi orqali harakatlanayotgan lokomotiv va lokomotiv brigadalari faoliyatini muvofiqlashtirish, 2022 yilda ikki mamlakat o‘rtasida yuk tashishda tranzit tariflarini yanada qulaylashtirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi. Shuningdek, “Qirg‘iz temir yo‘li” milliy kompaniyasiga “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida ishlab chiqarilayotgan yuk vagonlarini yetkazib berish va ikki tomonlama kadrlar malakasini oshirish kabi muhim ma salalar muhokama qilindi va o‘zaro hamkorlik asosida bu yo‘nalishlarni rivojlantirishga kelishib olindi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati hamda “Qirg‘iz temir yo‘li” milliy kompaniyasi rahbarlari boshchiligidagi delegasiya a’zolari poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da o‘tkazilayotgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasining 3-pavilonidan joy olgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishishdi.
X.Xasilov qirg‘izistonlik hamkasbi A.Sakiyev boshchiligidagi mehmonlarga mamlakatimiz temir yo‘l tizimidagi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida ma’lumot berdi. Qirg‘iziston delegasiyasi tarmoq korxonalarida ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi yuk va yo‘lovchi vagonlarining sifati, ularning qulayligiga hamda puxta tayyorlangan noyob ehtiyot qismlariga katta qiziqish bildirdi.
Mehmonlar “Toshkent yo‘lovchi vagonlarni qurish va ta’mirlash zavodi” aksiyadorlik jamiyati, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasi hamda “Quyuv – mexanika zavodi” shoʻba korxonasiga ham tashrif buyurib, o‘zbek temiryo‘lchilari tomonidan ishlab chiqarilayotgan zamonaviy yo‘lovchi va turli xildagi yuk vagonlari hamda modernizasiya qilinayotgan teplovozlar bilan yaqindan tanishishdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI