“Quvasoy” temir yo‘l stansiyasi faoliyatidan
“Quvasoy” Qirg‘iziston Respublikasi chegarasi yaqinida joylashgan stansiya bo‘lib, 2021 yil mobaynida bu yerdan eksport yuklar hajmi belgilangan rejadan ham ortib, import mahsulotlarining olib kelinishi ham keskin surʼatda oshib bormoqda.
Joriy yilda stansiyadagi yuk va tijorat xo‘jaligida “yagona darcha” tizimi yo‘lga qo‘yildi va bu orqali stansiya bilan hamkorlikda ishlovchi barcha mijozlar uchun yetarlicha qulaylik yaratildi.
Ayniqsa, ikki yil muqaddam o‘z faoliyatini yangidan boshlagan “Kvars” aksiyadorlik jamiyati stansiyaning eksport va import yuklar salohiyatini oshirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Taʼkidlash lozimki, mazkur korxonada sifatli oyna va shisha mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois o‘tgan ikki yil mobaynida Xitoy – O‘zbekiston qo‘shma korxonalari bilan birgalikda yana ikkita yangi oyna mahsulotini ishlab chiqarishga moslashtirilgan sexlar barpo etilib, u yerga zamonaviy dastgohlar o‘rnatildi.
Joriy yilning avgust oyida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida korxonaning yangi qismini ochish marosimi bo‘lib o‘tdi va mazkur sexlarda samarali ish jarayoni boshlab yuborildi. Buning natijasida joriy yilning sentyabr hamda oktyabr oylarida oyna mahsulotlarini eksport qilish hajmi sezilarli darajada oshdi.
Bugungi kunda mazkur korxonada ishlab chiqarilayotgan sifatli oyna va shisha mahsulotlari Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va Turkmaniston kabi davlatlarga eksport qilinmoqda. Joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida mazkur korxona tomonidan 5 ming tonnadan ortiq oyna mahsulotlari vagonlarga yuklanib, eksport qilindi. 2021 yilning noyabr-dekabr oylarida ham 4 ming 200 tonnaga yaqin oyna mahsulotlari eksport qilinishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga korxonaga oyna va shisha mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun temir yo‘l orqali juda katta miqdorda mahalliy xomashyo olib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida, stansiyaga yaxshigina daromad keltirib, belgilangan rejaning ortig‘i bilan bajarilishiga zamin yaratmoqda.
“Quvasoy sement” aksiyadorlik jamiyati Farg‘ona viloyatining yana bir yirik korxonalaridan biri. Ushbu korxona taraqqiyotida “Quvasoy” stansiyasining ahamiyati juda muhim. Chunki, bu yerda tayyorlangan sement mahsuloti yurtimizning barcha viloyatlariga asosan stansiya orqali vagonlarda yetkaziladi.
Bu korxonada ham o‘tgan yilga nisbatan joriy yilda yuk ortib, tushirish miqdori yana-da ortdi. Bunga sabab avvalo, mahsulot sifati yaxshilandi va natijada mijozlar soni ham ko‘paydi. Korxona tomonidan o‘tgan 2020 yilning 10 oyi davomida 4 ming 780 tonna sement mahsuloti maxsus vagonlarga yuklagan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich joriy yilning shu davriga kelib, 10 ming 436 tonnani tashkil etdi. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 5 ming 656 tonna ko‘p ortildi degani. Kirib kelayotgan yangi 2022 yilda ham korxonaning yangidan-yangi rejalari bisyor.
Yaʼni korxona jamoasi sement ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyoni stansiya orqali olib kelish va tayyor mahsulotni maxsus vagonlarga ortib jo‘natish hajmini yana-da ko‘paytirishni ko‘zda tutgan bo‘lib, mijozlar bilan hamkorlik aloqalarini bundan-da, mustahkamlashga umid bog‘lamoqda.
“Quvasoy” stansiyasi bilan yaqin hamkorlikda ishlayotgan xususiy firmalar mavjud bo‘lib, ular ham yuk ortish ishlarini jadal surʼatda olib bormoqda. Masalan, o‘tgan 2020 yilning 10 oyi davomida xususiy firmalar orqali ko‘mir mahsulotlarini yuklash miqdori 11 ming 306 tonnani tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 74 ming 74 tonnadan iborat bo‘ldi. Yaʼni bu o‘tgan yilga nisbatan 62 ming 768 tonna ko‘p ko‘mir mahsuloti jo‘natilganini ko‘rsatmoqda. Ko‘mir mahsuloti Qirg‘iziston Respublikasidan yuk mashinalariga ortilib, maxsus vagonlarga yuklanadi va O‘zbekistonning barcha viloyatlariga jo‘natiladi. Shuningdek, qo‘shni Tojikiston Respublikasiga ham ko‘p miqdordagi ko‘mir mahsulotlari eksport qilinmoqda.
Bundan tashqari stansiya bilan hamkorlikda ishlayotgan “Quvasoy shifer” va “Building materials production” ochiq aksiyadorlik jamiyatlariga shifer ishlab chiqarish uchun Rossiya Federatsiyasidan import xomashyolari olib kelinmoqda. Hozirgi kunda bu hamkorlikning yana-da bardavom bo‘lishi uchun “Quvasoy” stansiyasida qo‘shimcha shoxobcha yo‘llarini qurish va kelgusida ish hajmini bundan-da, oshirish ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunda stansiyada 33 nafar xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ulardan 14 nafari ayollar, 19 nafari esa erkaklarni tashkil etadi. Ahil jamoa “bir yoqadan bosh chiqarib” ishlagani bois o‘tgan yilga nisbatan joriy yilda yuk ortib, tushirish ko‘lami kengayib, hamkorlar soni ham tobora ortganini ko‘rish mumkin.
Stansiyaning ahil jamoasi barcha vazifalarni fidoyilik bilan ado etib kelayotgani bois joriy yilning 10 oyi davomidagi reja ortig‘i bilan bajarildi.
– Stansiyamizda joriy yilning 10 oyida belgilangan reja 38 ming 220 tonna bo‘lib, bu ko‘rsatkich 95 ming 517 tonnaga bajarildi, – deydi “Quvasoy” stansiyasi boshlig‘i O‘lmasjon Xudoyberganov. – Bu o‘tgan yilga nisbatan 67 ming 856 tonnaga ortiq bo‘lib, 2021 yilning 10 oylik rejasiga nisbatan 57 ming 297 tonnani tashkil qilmoqda. Quvonarlisi, belgilangan reja 250 foizga ortig‘i bilan bajarildi.
“Quvasoy stansiyasida ishchi-xodimlarning kundalik ish faoliyatini olib borish uchun hamma shart-sharoitlar yaratilgan. Stansiya tabiiy gazdan tortib, ichimlik suvi, elektr energiyasi bilan to‘liq taʼminlangan. Shuningdek, har bir xona joriy taʼmirdan chiqarilib, yangi mebel jihozlari bilan taʼminlangan. Shirin taomlar pishiriladigan oshxona kecha-kunduz ishchi-xodimlar ixtiyorida.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasining Hududiy kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan ishchi-xodimlar o‘rtasida mini-futbol, stol tennisi, voleybol, basketbol, shaxmat-shashka kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, barcha qulayliklar bor joyda ishlar ko‘lami keng, bajarilish sifati ham yaxshi bo‘ladi. Shuning uchun ham “Quvasoy” stansiyasida belgilangan rejani ortig‘i bilan bajarishga erishish bilan birga temir yo‘l g‘aznasining boyishida ahil jamoaning munosib ulushi bor, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI