
Afg‘oniston xalqiga navbatdagi insonparvarlik yuki temir yo‘llar orqali yuborilgan
2021 yilning 23 dekabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Afg‘oniston xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari 63 vagonda temir yo‘l orqali Balx viloyatining Mozori-Sharif shahriga yetkazib berildi. Insonparvarlik yordami yuklarini un, guruch, shakar va boshqa oziq-ovqatlar, birinchi navbatdagi zaruriy tovarlar, kiyim-kechaklar, to‘qimachilik mahsulotlari, umumiy og‘irligi 4 ming tonnadan ziyod ko‘mir tashkil qildi.
Ta’kidlash joiz, 2021 yilning avust oyida Afg‘onistonda davlat hokimiyati almashishi davrida noma’lum shaxslar tomonidan “Xayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘li va infrastrukturasiga jiddiy zarar yetkazilganligi sababli Afg‘onistonga temir yo‘l orqali kelayotgan yuklar faqat “Xayraton” stansiyasigacha tashilayotgan edi.
Insonparvarlik yordami yuklarini Mozori-Sharif shahriga yetkazib berish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ “Sogdiana Trans” SHK mutaxasislari tomonidan “Xayraton” va “Mozori-Sharif” stansyasi oralig‘idagi temir yo‘l hududi tekshirilib, aniqlangan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etildi va yuk poyezdi harakatini tashkillashtirish uchun tegishli choralar ko‘rildi.
Insonparvarlik yordami yuklari “Xayraton – Mozori-Sharif” temir yo‘lininig 75 kilometrida joylashgan yuk tushirish platformasida Afg‘oniston va O‘zbekiston rasmiy vakillari ishtirokida tashkillashtirilgan marosimda topshirildi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I.Ergashev, Surxondaryo vilyati hokimi T.Bobolov, O‘zbekiston Respublikasining Mozori-Sharif shahridagi konsuli J.Fattoyev, Afg‘onistonning Balx viloyati hokimi Qudratulla Abu Hamza, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sher Abbos Stanikzay va boshqa vazirlik va idora vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda Afg‘on tomoni vakillari O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari daryoning ikki qirg‘og‘idagi do‘st, birodar xalq ekanligi, O‘zbekistondan Afg‘onistonga bu yordam birinchisi emasligini ta’kidlab, O‘zbekiston Respublikasi shunday qiyin vaziyatda Afg‘oniston bilan hamkorlik qilish borasida butun dunyoga o‘rnak bo‘layotganini aytib, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Afg‘oniston tuprog‘idan hozirgi kunda hech qaysi davlatga, ayniqsa qo‘shni davlatlar tinchligiga xavf solinishda foydalanishiga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, marosimda O‘zbekiston Respublikasining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili I.Ergashev so‘zga chiqib, O‘zbekiston qo‘shni davlat Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik bo‘lishi tarafdori ekanligi, hozirgi Afg‘onistondagi og‘ir vaziyatda Afg‘on xalqi uchun navbatdagi insonparvarlik yordami jo‘natilayotgani va bu Afg‘on xalqiga qisman bo‘lsa ham foyda keltirishiga va yuklar egalariga o‘z vaqtida yetkazilishiga umid qilishini ma’lum qildi. Qo‘shimcha qilib ta’kidladiki, Afg‘oniston iqtisodiyotini rivojlanishi borasida ham O‘zbekiston Respublikasi turli sohalarda hamkorlik qilayotgani, jumladan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘lining qurilishi doirasida Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston temir yo‘l idora vakillari uchrashganligi, bu uchrashuvga Rossiya va Qozog‘iston temir yo‘l idoralari ham jalb qilinganligini ma’lum qilib, shu kabi loyihalarning tezroq amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti o‘sishida katta ahamiyat kasb etishini bildirdi.
Axborot-tahliliy media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI