
Yangi zamonaviy dastgoh taqdimoti bo‘lib o‘tdi
“O‘zbekiston” lokomotiv deposida Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasida ishlab chiqarilgan yangi 3112-rusumli zamonaviy lokomotiv g‘ildirak juftliklarini yo‘nuvchi dastgoh ishga tushirildi. Ushbu dastgoh elektrovozlar, teplovozlar va elektropoyezdlarning g'ildiraklar juftligini ularni lokomotiv ostidan chiqarmasdan depo sharoitida yo‘nish ishlarini bajarishga mo'ljallangan.
Ochilish marosimida Lokomotivlardan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i B.Baymanov, “O‘zbekiston” lokomotiv deposi boshlig‘i F.Mahamatov va Axborot-tahlil media markazi direktori – boshqaruv raisning axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi A.Baltaboyev ishtirok etdilar. Tadbirda ta’kidlanganidek, bunday dastgohlardan jami 5 tasi respublikamizga olib kelingan bo‘lib, ular “O‘zbekiston” lokomotiv deposidan tashqari, “Tinchlik”, “Buxoro”, “Qarshi”, “Urganch” lokomotiv depolariga ham o‘rnatiladi.
Ushbu dastgoh Afrosiyob yuqori tezlikli elektropoyezdi va barcha mavjud lokomotivlarini g‘ildirak juftliklarini lokomotivlardan yechimasdan joyida 2 tomonlama yo‘nish xususiyatiga ega. Mazkur dastgohning eski turi, ya’ni A-41 rusumlisidan afzalligi shundan iboratki, ilgari lokomotiv g‘ildirak juftligining faqat bir tomoni yo‘nilar va 1 dona g‘ildirak juftliklarini yo‘nish uchun 4 soat vaqt sarflanar edi. Endilikda esa g‘ildirak juftligining ikkala tomoni uchun 20-30 daqiqa vaqt sarflanmoqda. Bu dastgoh butunlay zamonaviy elektron boshqaruv tizimiga ega. Gʻildirak juftliklarining o‘lchamlari dastgohga inson omilisiz avtomatik tarzda, lazer nuri yuqori yordamida o‘ta yuqori aniqlikda o‘lchanadi. Ilgarigi eski A-41 rusumli dastgohida esa g‘ildirak juftliklarini yo‘nishdan oldin g‘ildirak juftliklari texnik xodim tomonidan qo‘lda maxsus shablon yordamida o‘lchanar va bu jarayonda inson omilining o‘rni yuqori edi. Aslida bu juda muhim ahamiyatga ega, sababi lokomotivlarda g‘ildirak juftligi poyezdlar harakat havfsizligini ta’minlovchi birinchi bo‘g‘in hisoblanadi.
Dastgohning o‘zida kompyuterlashtirilgan dastur o‘rnatilgan bo‘lib, g‘ildirak juftliklarining kerakli o‘lchamlari g‘ildirak juftliklarini yo‘nuvchi yuqori malakali mutaxassis tomonidan kiritiladi. “3112” dastgohida faoliyat olib boruvchi mutaxassislar yuqori malakaga ega bo‘lib, “Talgo” kompaniyasi mutaxassislari tomonidan tashkil qilingan o‘quv kurslarini muvaffaqiyali tamomlab, maxsus sertifikatlar olishgan.
Eng asosiysi, ushbu dastgohni ishga tushirish orqali g‘ildirak juftliklarini sarfi ham kamayadi. Bu esa o‘z navbatida horijiy davlatlaridan valyuta hisobiga sotib olinadigan g‘ildirak juftliklarini iqtisod qilishga olib kelinadi. Shuningdek, lokomotivlarga texnik hizmat ko‘rsatish vaqtini kamaytirish orqali, lokomotivlarda yo‘lovchi hamda xalq xo‘jaligi yuklarini tashishning salohiyatini oshishiga olib keladi.
Axborot-tahlil media markazi
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ rasmiy saytining materiallaridan foydalanish, shu jumladan republikasiya qilish, faqat belgilangan shartlarni bajargan holatdagina foydalanish mumkin.
BELGILANGAN SHARTLARNI BAJARILMASLIK O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNCHILIGINING BUZILISHI HISOBLANADI